17:00 / 18.11.2020
6167
TIV Qozog‘istonda qullikda ushlab turilgan O‘zbekiston fuqarosi bilan bog‘liq holat bo‘yicha ma'lumot berdi

Qozog‘istonda O‘zbekiston fuqarosining qullikda ushlab turilgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Shu munosabat bilan mamlakatning Aqtau shahridagi bosh konsulxonasi rasmiy ma'lumot berdi.

Aqto‘be viloyati politsiya departamenti ma'lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston hududida noqonuniy ravishda bo‘lgan shaxslarni topish bo‘yicha rejali tadbirlar davomida 1962 yil 2 mayda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi M.B. aniqlangan. Uning ish beruvchisiga nisbatan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 128-moddasida ko‘zda tutilgan «Odam savdosi» bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

M.B. Qozog‘istonga 1996 yilda kelgan, 2004 yilda doimiy yashash ruxsatnomasini olgan va Qozog‘istonda muntazam yashaydi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari bilan suhbat chog‘ida M.B. hozirgi ish beruvchisiga nisbatan shikoyati yo‘qligini, ish, yashash va ish haqi shartlari o‘zini qoniqtirishini, O‘zbekistonga qaytish niyati yo‘qligini va Olmaota shahriga, Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan qizining uyiga ko‘chib o‘tishni rejalashtirayotganini bildirdi.

Jinoiy ish alomatlari yo‘qligi va mehnat qulligi faktlari tasdiqlanmagani munosabati bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yopildi, deyiladi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tarqatilgan xabarda.

Top