22:31 / 19.11.2020
9607
Shavkat Mirziyoyev yangi bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 noyabr kuni qurilish sohasiga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar qildi.

Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini rekonstruksiya qilish va kengaytirish rejalashtirilmoqda. Prezident Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida bergan ko‘rsatmalar asosida loyiha qayta ko‘rib chiqilib, takomillashtirildi. Unga ko‘ra, katta masjid, to‘rtta minora va keng ayvonlar qurish, xiyobon, uning atrofida mehmonxonalar hamda boshqa infratuzilma obektlari barpo etish ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbari ziyoratchi va boshqa sayyohlar uchun qulayliklarni kengaytirish, majmuani jahon andozalari darajasida sifatli qurish, ziyoratchilarga qulayliklarni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Taqdimotda O‘zbekiston davlat san'at muzeyining yangi binosi loyihasi ham muhokama qilindi.

Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi buyurtmasi bilan dunyoga mashhur yapon me'mori Tadao Ando tomonidan ishlab chiqilgan loyihaga muvofiq, muzeyning mavjud binosi yonida aylana shaklida 3 qavatli yangi inshoot qad ko‘tarishi ko‘zda tutilgan.

Qurilishning ahamiyati shundaki, muzeyning hozirgi sharoiti bilan mavjud eksponatlarning bor-yo‘g‘i 3 foizini namoyishga qo‘yish mumkin. Yangi imorat qurilgach, ushbu san'at dargohining ko‘rgazma maydoni kengayadi.

Shavkat Mirziyoyev 16 oktyabr kuni Toshkent arxitektura-qurilish institutining yangi binosini borib ko‘rganida bu yerda soha klasteri tashkil etish, hududni quruvchilar massiviga aylantirish lozimligi yuzasidan topshiriqlar berilgan edi. Shu maqsadda institut atrofidagi maydonlar ham qo‘shilib, yangi loyiha ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, OTM yonida qurilish kolleji, qurilish materiallari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazi, laboratoriya, yotoqxonalar, sport majmuasi va boshqa obektlar barpo etilishi mo‘ljallangan.

Davlat rahbari 12 iyun kuni poytaxtning Olmazor tumaniga tashrifi chog‘ida, Toshkent tumanining bir qismini Olmazor tumaniga o‘tkazib, yangi turar joylar va korxonalar barpo etish taklif qilingandi. Bugun taqdim etilgan loyihaga binoan, 200 gektardan ziyod ushbu hududda 150 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, maktab, bolalar bog‘chasi, istirohat bog‘i, tijorat zonasi qurilishi ko‘zda tutilgan.

Boshqa bir loyiha Toshkentdagi «Navro‘z» qabullar uyidan samarali foydalanishga oid. Ushbu majmuani kapital ta'mirlab, Davlat ishtirokidagi korxonalarni sog‘lomlashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirish markazi tashkil etish rejalashtirilgan. Bu yerda tadbirkorlarga ma'lumotlar ochiq tarzda taqdim etiladi.

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Temurbeklar maktabi qurilishiga doir taqdimot bilan ham tanishib, zarur ko‘rsatmalar berdi.

Qayd etilishicha, Termiz shahrining Beruniy ko‘chasi yangi loyihaga asosan rekonstruksiya qilinib, qurilish ishlari amalga oshiriladi. Hozirda ushbu markaziy ko‘chada Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, masjid, mehmonxona, turar joylar, mahalla guzari va ko‘plab tadbirkorlik sub'yektlari joylashgan.

Denov tumanining Nurli manzil va Lochin mahallalarida energiya tejamkor ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy muassasalar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Top