14:15 / 20.11.2020
3580
XDP fraksiyasi o‘qituvchilar oyligi oshmasligi, eski partalar yangilanmasligidan xavotirda 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Moliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan 2021 yil uchun rejalashtirilayotgan Davlat budjeti xarajatlari bilan tanishganimda juda ko‘p masalalar davlat rahbarining topshiriqlariga mos emasligiga amin bo‘ldim.

Birinchidan,  Prezidentning 2020 yil 16 oktyabrdagi PQ-4864-son qarorida umumta'lim maktablarini jihozlash uchun ajratiladigan mablag‘larni 2 baravarga ko‘paytirish belgilangan. 

2020 yilda umumta'lim maktablarini jihozlash uchun 147 mlrd so‘m ajratilgan, 2021 yil uchun budjet loyihasida 200 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda. Ya'ni, 2020 yilga nisbatan bor-yo‘g‘i 1,4 baravarga oshirilmoqda. Nima uchun Davlat rahbari qarorida belgilangan topshiriqlar ijrosi ta'minlanmay qolmoqda? 

Prezident qarorida, shuningdek, xizmat muddati 10 yildan oshgan o‘quv partalarini 2021-2022 yillarda to‘liq yangilashni nazarda tutish vazifasi qo‘yilgan. Biroq maktablarda nafaqat 10 yildan ortiq, balki sobiq ittifoq davrida xalq tilida “Lenin parta”, deb nomlangan partalardan ham foydalanib kelinyapti. Moliya vazirligi mutasaddilari buni bilishmaydimi? 10 yildan ortiq foydalanilgan partalar sinf xonalaridan chiqarib tashlansa, o‘quvchilar dars jarayonida yerda o‘tirishiga ham tayyorlanishi kerakmi endi? 

Ikkinchidan, davlat rahbarining so‘nggi uch oydagi nutqida belgilangan vazifalar nafaqat xalqimiz, balki butun dunyo hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga munosib shart-sharoitlarni yaratish, deb belgilandi. Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek katta vazifa o‘qituvchilar zimmasiga yuklatildi. 

Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 6 noyabrida qabul qilingan Farmon va Qarorda pedagoglarni har tomonlama ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish vazifasi belgilandi. Chunki, bu ta'lim sifatini oshirishga katta ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. 

Ma'lumki, oxirgi yillarda direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lovlar ko‘paymoqda va umuman olganda, mazkur jamg‘armaning xarajat yuki oshib boryapti. Xo‘sh, ushbu jamg‘armaga ajratilayotgan mablag‘lar ulushi mutanosib ravishda oshirilyaptimi?  

Ochig‘ini aytish kerak, inflatsiyaning keyingi yil prognoziga mos ravishda o‘qituvchilarga ish haqi fondi uchun mablag‘ ajratilishida ham mutanosiblik ta'minlanmagan. 

Har yili direktor jamg‘armasi uchun maktablar ish haqi fondining avval 15 foizi, keyinchalik 12 foizi miqdorida ajratilar edi. Bu foizlar kelgusi yilda yanada kamayishi rejalashtirilganini qanday izohlash mumkin? 

O‘qituvchilarning oylik ish haqini bosqichma-bosqich oshirish bo‘yicha vazifalar belgilangan bir davrda direktor jamg‘armasining mablag‘lari yil sayin kamayib borayotganini tushunish qiyin. Nega bunday bo‘lyapti? 

Ko‘rinib turibdiki, 2021 yil uchun mo‘ljallangan Davlat budjeti loyihasida har ikkala holatda ham davlat rahbarining topshiriqlari ijrosi ta'minlanmayapti.

O‘zXDP fraksiyasi yig‘ilishida ham bu masalaga qat'iy e'tiroz bildirdik. Mutasaddilar javoblaridan qoniqmadik. Budjet loyihasi parlament quyi palatasi yalpi majlisida muhokama etilganda ushbu masalaga qaytamiz hamda davlat rahbari topshiriqlari ijrosi ta'minlanishini tegishli mutasaddilardan talab qilamiz.

Shohista Turg‘unova, 
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,  
O‘zXDP fraksiyasi a'zosi

Top