16:02 / 21.11.2020
16158
Estoniya prezidenti farzandlarini maktabga xizmat mashinasida olib borgan vazirni ishdan bo‘shatdi

Vazir ish va oilaviy hayotni aralashtirib xato qilganligi uchun javobgarlikni zimmasiga olishga tayyorligini bildirdi.

Maylis Reps / Foto: Henri-Kristian Kirsip

Estoniya prezidenti Kersti Kalyulayd farzandlarini xizmat mashinasida olib yurgani uchun mamlakat ta'lim va fan vaziri Maylis Repsni lavozimidan ozod qildi. Bu haqda mamlakat prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Reps farzandlarini maktab va to‘garaklarga xizmat mashinasida olib borgani to‘g‘risida OAV bong urganidan so‘ng iste'foga chiqishga majbur bo‘ldi.

“Vazir va ona rolini aralashtirib yuborganligim sababli kuchli bosim ostida qoldim. Xatoga yo‘l qo‘yganimni tan olaman va uzr so‘rayman”, – deb yozdi Reps ijtimoiy tarmoqlarda.

U farzandlari voyaga yetishi va tarbiyalanishi uchun tinch muhit yaratmoqchi ekanligini aytdi hamda ish va oilaviy hayotni aralashtirib xato qilganligi uchun javobgarlikni zimmasiga olishga tayyorligini bildirdi.

Estoniyaning “Ohtuleht” gazetasi uch kun davomida Reps va uning oilasini kuzatgan va u farzandlarini maktab va to‘garaklarga xizmat mashinasida olib borgani aks etgan fotosuratlarni chop etgandi. Bu esa jamiyatda vazirga nisbatan e'tirozlar uyg‘onishiga sabab bo‘ldi.

Reps to‘rt bor Estoniya Ta'lim va fan vaziri lavozimini egallagandi.

Top