20:49 / 23.11.2020
2861
Antibakterial qoplamaga ega dunyodagi birinchi telefon ishlab chiqildi

Britaniyada antibakterial qoplamaga ega dunyodagi birinchi telefon ishlab chiqildi. Bullit Group kompaniyasining Cat S42 telefoni korpusi mikroblar ko‘payishi oldini oluvchi kumush ionlariga ega materialdan tayyorlangan.  

Foto: Bullit Group

Kompaniya mikroblarga qarshi Biomaster texnologiyasini ishlab chiqqan Addmaster firmasi bilan hamkorlik qiladi. Telefon korpusi aynan shu texnologiya yordamida ishlab chiqilgan. Addmaster’ning kumush negizidagi materialini plastik, qog‘oz, mato, bo‘yoq yoki qoplama tarkibiga kiritish va buning evaziga antibakterial qadoqlar olish mumkin.  

Koronavirus pandemiyasi vaqtida ayniqsa dolzarb bo‘lgan telefonning narxi 229 funt sterlingni tashkil qiladi. Yangi qurilma 2021 yil boshida sotuvga chiqariladi.

Kumush ionlari evaziga telefon korpusiga tushuvchi bakteriyalarning 80 foizi 15 daqiqada, 24 soat ichida esa 99,99 foizi yo‘q bo‘ladi. Telefon korpusi suv o‘tkazmaydi, shu sababli uni hech ham xavotirlanmasdan sovunli eritma bilan yuvish mumkin.

Keyinroq bunday telefonlar modellarini ko‘paytirish rejalashtirilgan. Jumladan, kompaniya 380 funt sterlingdan Sat S52, 599 funt sterlingdan esa Sat S62 modellarini chiqarishga va'da bergan.

Top