23:17 / 30.11.2020
15713

Quyoshda kuchli portlash yuz bergani ma'lum qilindi

Quyoshda 29 noyabrda portlash yuz berdi. Ta'kidlanishicha, ushbu portlash oxirgi 3 yil ichidagi eng kuchli chaqnash bo‘ldi. 

Foto: EPA/NASA/SDO, arxiv

Rossiya Fanlar akademiyasi Fizika institutining rentgen astronomiyasi laboratoriyasi saytida ma'lum qilinishicha, ushbu chaqnashga 5 balli shkala bo‘yicha 4 ball berilgan va u energiya chiqarishi bo‘yicha faqatgina X sinfdagi chaqnashlardan ortda qoladi. 

Portlash Quyoshning Yerdan ko‘rinmaydigan qismida yuz bergan. Shu sababli chaqnash kuchi rentgen nurlanish detektorlari qayd qilgandagidan ancha katta bo‘lishi mumkin. Chunki portlash bilan qamrab olingan hudud shunchalik katta bo‘lganki, chaqnashning yuqori qismi quyosh gardishining chap chekkasidan ko‘ringan. Olimlar aslida chaqnash eng yuqori - X sinfdagi chaqnash qatoriga kirishi mumkinligini aytishgan.

Astronomlarning ta'kidlashicha, portlash Yerga ta'sir ko‘rsatmaydi, chunki chaqnash vaqtida ajralgan zaryadlangan zarralar va plazma oqimlari sayyoramizdan 100 mln km olisroqdan o‘tadi. 

Top