09:47 / 02.12.2020
2662
Dunyoda 40 milliondan ko‘proq kishi qullikda yashayotgani ma'lum qilindi 

Dunyoda 40 mlndan ko‘proq kishi qullikning turli ko‘rinishlariga uchramoqda. Yanada achinarlisi, ulardan 71 foizini ayollar tashkil qilmoqda. 

Bunday ma'lumotlar BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning 2 dekabrda nishonlanadigan Xalqaro qullikka qarshi kurash kuni munosabati bilan bergan bayonotida keltirilgan. 

“Bugungi kunda 40 mlndan ko‘proq kishi zamonaviy qullik qurbonlari hisoblanadi. Bundan 71 foizini ayollar va qizlar tashkil qiladi. Bugungi kunda qullik kelib chiqishi bo‘yicha xo‘rlash, zo‘ravonlik, bolalar va uy mehnati, majburiy nikohlash, qarzdorlik, ekspluatatsiya qilish uchun odam savdosi, bolalarni qurolli ixtiloflarga jalb qilish ko‘rinishida namoyon bo‘lmoqda”, – deb aytilgan bayonotda. 

Guterrishning ta'kidlashicha, qullikdan ayollardan tashqari, nochor va tahqirlanuvchi qatlamlar, aynan esa irqiy va etnik ozchilik vakillari aziyat chekmoqda. BMT bosh kotibi shu munosabat bilan BMT a'zolarini va butun hamjamiyatni qullik jabrdiydalarini himoyalash va qo‘llab-quvvatlashga, ushbu “jirkanch illatga” qarshi birgalikda kurashni kuchaytirishga chaqirgan. 

Top