14:47 / 03.12.2020
12330

Tramp amerikaliklarga murojaat bilan chiqdi

Trampning ta'kidlashicha, ovozlarni hisoblash mashinalari saylovchilarning ovozlarini almashtirib yuborgan va ularni Bayden hisobiga o‘tkazgan. 

Foto: Twitter/Donald J. Trump

AQSh prezidenti Donald Tramp amerikaliklarga murojaat bilan chiqdi.

U yana bir marta prezident saylovidagi mag‘lubiyatini tan olmasligini aytdi.

“Konstitutsion jarayon davom etishiga yo‘l qo‘yib berish kerak. Biz har bir qonuniy byulleten hisobga olinishi va birorta ham noqonuniy byulleten hisobga olinmasligini kafolatlagan holda saylovning haqqoniyligini himoya qilamiz”, — dedi Tramp.

Uning ta'kidlashicha, ovozlarni hisoblash mashinalari saylovchilarning ovozlarini almashtirib yuborgan va ularni Bayden hisobiga o‘tkazgan. 

“Bu saylov ilgari hech qachon bo‘lmagan ulkan tovlamachilik bo‘ldi. Kuzatuvchilarga saylovni kuzatish imkoni berilmadi, bu noqonuniy. Saylov soxtalashtirildi, buni hamma biladi. Ko‘plab OAV va hatto sudlar ham saylovda kim yutganini biladi, ammo bizning haqligimizni tan olishdan bosh tortishyapti. Yakunda men har qanday aniq natijani tan olishga tayyorman. Bayden ham tayyor deb umid qilaman. Shtatlardagi ovoz berish natijalarini o‘zgartirib yuboradigan o‘n minglab ovozlar bor”, — dedi u.

AQShda noyabrda o‘tgan prezident saylovining rasmiy natijalari hali e'lon qilinmadi. OAV hisob-kitoblariga ko‘ra, demokrat Jo Bayden prezident bo‘lish uchun yetarlicha ovoz to‘plagan. Biroq Donald Tramp raqibining g‘alabasini tan olmayapti va muhim shtatlarda ovoz berish natijalari bo‘yicha da'volashmoqda.

OAVning ma'lumot berishicha, Tramp 2024 yilgi prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligini aytgan.

Mavzuga oid
Top