12:48 / 04.12.2020
10284
AQSh kontrrazvedkasi: Xitoy Bayden jamoasiga ta'sir qilishga urinmoqda

Xitoylik agentlar AQSh prezidenti bo‘lishi kutilayotgan Jo Baydenning ma'muriyatiga ta'sir qilishga urinmoqda. Bu haqda AQSh Milliy razvedka tashkilotining kontrrazvedka bo‘limi rahbari Uilyam Evanina ma'lum qilgan.

Foto: Getty Images

AQSh bosh kontrrazvedkachisining aytishicha, xitoylik agentlar Baydenga yaqin odamlarni diqqat bilan o‘rganmoqda. AQSh Adliya vazirligining milliy xavfsizlik boshqarmasi rahbari Jon Demersning aytishicha, Xitoy foydasiga ayg‘oqchilik qilgan minglab odamlar Amerikadan chiqib ketgan. Xitoylik agentlar oxirgi vaqtlarda AQShdagi saylov natijalari bilan birga mamlakatdagi koronavirus vaksinasi bilan bog‘liq izlanishlarni ham diqqat bilan kuzatmoqda.

«Xitoyliklar AQShda hukumat almashishi arafasida harakatlarni kuchaytirgan. Bu esa oddiy diplomatik bosimdan tashqari, yangi ma'muriyat vakillariga ham bosim o‘tkazilishi xavfi yuqori ekanini bildiradi. Yangi ma'muriyat bunday bosimlar bo‘lib turishini bilishi kerak. Biz ularni qaytarish ustida ishlayapmiz», deydi Jon Demers.

E'tiborlisi, Jo Bayden va Donald Tramp saylov kampaniyasi vaqtida bir-birini Xitoy bilan aloqasi borlikda ayblagandi. Isbot sifatida Tramp Baydenning o‘g‘li Hanter Xitoy kompaniyalari bilan ishlaganini keltirgan bo‘lsa, Bayden raqibi Trampning Xitoy bankida hisob raqami borligini iddao qilgan.

Jon Demers yozda FQB AQShda ilmiy faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yuzlab xitoyliklar Xitoy armiyasi bilan bog‘liq ekani haqidagi ma'lumotlarni yashirganini aniqlaganini eslatdi: «5-6 kishi qo‘lga olindi, lekin bu aysbergning uchi, xolos. To‘g‘risi, biz ularning soni qanchalik ko‘p ekanini bilmaymiz».

Jon Demersning aytishicha, o‘nlab xitoylik olimlar so‘roq qilingach, minglab xitoylik olimlar tezda AQShni tark etgan. Ularning aksari Xitoy foydasiga ayg‘oqchilik qilgani taxmin qilinmoqda. Demers bunaqa darajada ayg‘oqchilik bilan faqat Xitoy shug‘ullana olishi mumkinligini aytmoqda. Bu voqealardan so‘ng Amerika tomonining so‘rovi bilan yana minglab xitoylik talaba va olimlarning vizalari bekor qilingan. O‘shanda AQSh Davlat departamenti Xitoy foydasiga ayg‘oqchilik qilmaydigan va Xitoy kompartiyasining harbiy maqsadlariga xizmat qilmaydigan xitoyliklar uchun Amerikaning eshiklari doim ochiqligini ham eslatgandi.

Shu yilning iyul oyida AQSh xitoyliklar intellektual mulkka daxl qilgani sabab Xitoyning Hyustondagi konsulligini yoptirgan edi. Xitoy o‘z fuqarolari bo‘lgan talabalarni deportatsiya qilgani uchun AQShni diskriminatsiyada ayblab chiqdi. Amerika esa ayblovlarni rad etdi va xitoylik talabalarga ham xuddi boshqa mamlakat fuqarolariga bo‘lgani kabi munosabatda bo‘layotganini ma'lum qildi.

Xitoy va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar Donald Tramp davrida yomonlashdi. So‘nggi to‘rt yil davomida Tramp Xitoyga qarshi savdo urushi olib bordi. Shuningdek, Hongkongdagi inson huquqlari bo‘yicha namoyishlar va Tramp koronavirus tarqalishida Xitoyni ayblashi tomonlarning munosabatlari yanada sovuqlashishiga sabab bo‘ldi.

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Top