Si Jinping Yevropaga tashrif buyurdi. Unga Putinning «soyasi» hamrohlik qilmoqda
Besh kun Yevropada qoladigan Si Fransiyadan Serbiya va Vengriyaga o‘tadi - ular Putinning Yevropadagi do‘stlari sanaladi. Xitoyga qaytganidan keyin esa Putinni qabul qiladi.
Xitoy rahbari Si Jinping besh yil ichida ilk bor Yevropaga noodatiy vaqtda noodatiy tashrifini amalga oshirdi. G‘arb bilan savdodagi nomutanosibliklarni bartaraf etishdan bosh tortayotgani va Ukrainaga qarshi urush olib borayotgan Rossiya bilan do‘stlashgani uchun AQSh va Yevroittifoqning Xitoy bilan munosabatlari kundan kunga yomonlashmoqda.
Si Yevropada besh kun bo‘ladi. U Yevroittifoq rahbariyati ofisi joylashgan Bryusselga kelmasdan, Fransiyani tanladi — bu Yevropa Ittifoqidagi yagona yadroviy derjava, uning rahbari Emmanuel Makron esa — siyosiy vazni bo‘yicha Si bilan solishtirish mumkin bo‘lgan, qolaversa, doimo murosaga tayyor va Xitoyning yagona raqobatchisi sanaladigan AQSh manziliga tanqidlar bildirishdan tortinmaydigan yagona yevropalik yetakchi.
Sining Fransiyadan keyingi manzillarini esa Yevroittifoq va amerikaliklarga qaratilgan provokatsiya deyish mumkin. U Serbiya va Vengriyaga boradi. Bular Kremlning Yevropadagi asosiy do‘stlaridir.
Vengriya Rossiyaga qarshi sanksiyalar paketlarini va Ukrainaga harbiy yordam paketlarini birin-ketin bloklash bilan mashg‘ul. Serbiya esa umuman YeI a’zosi ham emas, qolaversa, Sining tashrifi Xitoyning Belgraddagi elchixonasi amerikaliklar tomonidan bombardimon qilinganining 25 yilligiga to‘g‘ri kelmoqda, xitoyliklar buni hozirgacha unutishmagan.
Yevropaning qolgan qismidagilar Xitoy texnologiyalari va kapitaliga katta ehtiyotkorlik bilan qarayotgan vaqtda ushbu ikki mamlakat xitoyliklarning investitsiyalari kirib kelishidan mamnun va infratuzilma loyihalari uchun Xitoydan bajonidil qarz oladi.
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban YeIga a’zo davlatlar rahbarlari orasida o‘tgan yil kuzida «Bir kamar — bir yo‘l» loyihasining yubiley sammitiga borgan va Putin bilan qo‘l berib ko‘rishgan yagona siyosatchi bo‘lgandi. U yerda Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich ham bor edi va u ham Putin bilan uchrashgan.
Endi Si joriy yil boshidan buyon ilk xorijiy safari doirasida ushbu davlatlarga ham mehmonga kelmoqda.
Bu tashrifda u bilan birga Putinning soyasi ham kezib yuradi.
Seshanba kuni, Makron tog‘ning toza havosida yana bir bor Sini Rossiya rahbariga ta’sir ko‘rsatishga ko‘ndirishga harakat qiladi, Moskvada esa mart oyidagi saylovlarda g‘alaba qozongan Putinning inauguratsiya marosimi o‘tkaziladi, saylovni g‘arbdagilar soxtagarchilik deb baholagandi, Siga esa bu «qadrdon do‘sti»ni ishonchli g‘alaba bilan tabriklash uchun sabab bo‘lgandi.
Si Yevropa turnesidan qaytishi bilan Putin Pekinga tashrif buyurishi kutilmoqda.
Yevropa va Xitoy munosabatlari nega yomonlashgandi?
Uch asosiy muammo — savdo, xavfsizlik va Ukrainadagi urush.
Sining tashrifi ulardan hech birini oldinga siljitmaydi, ammo yevropaliklar hech bo‘lmaganda yangi sovuq urush tomon harakatlanishni to‘xtatishga hamda asosiy savdo hamkorlari bilan muloqotni davom ettirishga umid qilishmoqda.
«Yevropa ittifoqi va Xitoy yaxshi munosabatlarni istaydi va Xitoyning global vazni inobatga olinsa, bizning o‘zaro hamkorligimiz o‘zaro hurmatni ta’minlash, tushunmovchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik va global muammolarga yechim topish uchun kalit hisoblanadi», — deya YeIning pozitsiyasini diplomatik tarzda ifodalagan Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Si va Makronning dushanba kungi muzokaralari oldidan.
Xitoyning Yevropa xavfsizligiga tahdidi borasidagi xavotirlar ancha avvalroq YeI davlatlarini Xitoydan telekommunikatsiya uskunalari xaridini bosqichma-bosqich qisqartirishga majbur qilgandi. Si tashrifi arafasidagi so‘nggi kunlarda esa yevropaliklar Xitoyning TikTok ijtimoiy tarmog‘iga taqiq qo‘yish haqida o‘ylab, faollik bilan xitoylik josuslarni ushlay boshlashdi.
Savdodagi ixtilof esa Xitoy kovid davridan keyin yangi texnologiyalarga tayangan holda ishlab chiqarishni kuchaytirishi va butun dunyoni elektromobillar, quyosh batareyalari va boshqa mahsulotlar bilan to‘ldirib tashlashi ortidan kuchaya boshladi.
Bunga qadar Xitoyning va’dasiga ko‘ra G‘arb ushbu mamlakat iqtisodiyoti o‘sishi bilan davlat subsidiyalari evaziga sanoat rivojlanishidan iste’mol o‘sishiga asoslangan yanada rivojlangan modelga o‘tkazishidan umid qilgandi. Shunda Xitoy vaqt o‘tishi bilan nafaqat o‘z mahsulotlarini G‘arbga eksport qilib, valuta jamg‘arishi, balki mablag‘larini G‘arb mahsulotlarini sotib olish uchun sarflab, o‘z bozorini g‘arblik ishlab chiqaruvchilarga ochishi hamda kapital harakatlanishi ustidan nazoratni susaytirishi kutilgandi.
Bu ro‘y bermadi va G‘arb himoyalanishni boshladi.
Avvaliga AQSh bojlar joriy etdi, endilikda esa YeI monopoliyaga qarshi tekshiruvlar o‘tkazmoqda, shundan keyin Xitoy elektromobillari va tibbiyot jihozlari importiga boj kiritilishi mumkin. Xitoy esa bunga javoban fransuz konyagi importini to‘xtatish bilan tahdid qilmoqda.
Si nima uchun Putinga ta’sir o‘tkazish bo‘yicha chaqiriqlarga quloq solmayapti?
Si Yevropani AQShning xohishi bilan ish tutmaslikka va «pragmatik» pozitsiyani egallashga — to‘siqlar qo‘ymasdan, o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga chaqiradi. U savdo masalalarini bajonidil muhokama qiladi, YeI uchun asosiy hisoblangan masalada — Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi masalasida — muloqot ish bermayapti.
Makron bir yil oldin Xitoyga kelib, Sidan «Rossiyani o‘ziga keltirish» uchun Putinga ta’sir o‘tkazishni so‘raganida, Si bu so‘zlarga hech qanday reaksiya bildirmagan, o‘z chiqishlarida biror marta Rossiyani tilga olmagan, biror marta «urush» so‘zini ishlatmagan. Makron matbuot anjumanida Ukraina haqida gapirishga o‘tganida Si jahli chiqayotganini yashirmagan va bir necha bor sabrsizlik bilan uf tortgandi.
Bir yil o‘tdi. Xitoy hamon Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini qoralamayapti. Bu urush YeI iqtisodiyotiga putur yetkazadi va siyosiy inqiroz keltirib chiqaradi, chunki yevropaliklarning barchasiga ham millionlab ukrain qochqinlari kirib kelishi va Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun milliardlab mablag‘lar sarflanishi ma’qul emas.
Makron Parijda ham Sidan Putinga ta’sir o‘tkazishini so‘raydi. Ammo ekspertlar bu ish berishiga shubha bilan qarashmoqda, chunki Si dunyoga AQSh bilan qarama-qarshilik prizmasidan qaraydi — bu davlat Xitoyning dunyodagi yetakchilik uchun raqobatdagi yagona siyosiy, iqtisodiy va harbiy raqibi sanaladi.
Shu nuqtayi nazardan Xitoy G‘arbning boshqa mamlakatlarini mustaqil deb hisoblamaydi, Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzi esa uning foydasiga ishlaydi, chunki bu urush bir tomondan AQShning pullari va resurslarini band qiladi, boshqa tomondan — Rossiyani G‘arbdan chetlatadi va uni Xitoyning quchog‘iga itarib, Xitoyga energetik xavfsizlik hamda G‘arb bilan mojaro kelib chiqadigan taqdirda yadroviy derjava qo‘llovi bilan ta’minlaydi.
Si ham Putin kabi urushni urush deb emas, «inqiroz» deb atagan. Makron dushanba kuni diplomatik tarzda xitoyliklar terminologiyasini qabul qildi.
«Men, birinchidan, Yevropa-Xitoy munosabatlarini ko‘rib chiqishni taklif etaman, bu bizga tijorat masalalari — bozorlarga kirish, adolatli raqobat sharoitlari, investitsiyalarni muhokama qilish imkonini beradi», — dedi Makron muzokaralar oldidan.
«Va ikkinchidan, biz ikki yirik inqiroz — Ukraina va Yaqin Sharqni muhokama etamiz, o‘rtamizda bu masalalarda muvofiqlashtirish bo‘lishi juda muhim», — deya qo‘shimcha qilgan fransuzlar prezidenti.
Makron qisqacha uchrashuv natijalarini sarhisob qilmagan — u hali bir yarim kunni xitoyliklar rahbari bilan o‘tkazishi kerak, hozircha esa uning kayfiyatini buzish vazifasini «yomon politsiyachi» sifatida fon der Lyayyen bajarmoqda, Si uni ochiqchasiga yoqtirmaydi va e’tiborsiz qoldiradi.
U urushni o‘z nomi bilan atadi va Xitoyning Kreml bilan aloqalari Yevropa-Xitoy munosabatlarida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi, chunki Rossiya tajovuzi «Ukraina va umuman butun Yevropa uchun ekzistensial tahdid solishi»ni aytib o‘tgan.
«Biz Xitoy Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushini to‘xtatishi uchun Rossiyaga o‘zining barcha ta’sir vositalaridan foydalanishini kutamiz. Prezident Si Rossiyaning mas’uliyatsiz yadroviy tahdidlari yumshatilishida muhim rol o‘ynagandi va ishonchim komilki, prezident Si bu ishni qilishda davom etadi», — degan u va YeI Xitoydan Rossiyaga qurol-yarog‘ va ikki maqsadli mahsulotlar yetkazib berishdan tiyilishni hamda Kremlga g‘arb sanksiyalarini aylanib o‘tishda yordam bermasligini so‘rashini qo‘shimcha qilgan.
Mavzuga oid
18:30 / 06.10.2024
Xitoylik olimlar Everestning o‘sganini qayd etdi
22:02 / 05.10.2024
G‘arb va Ukraina urushni tugatish sxemasini muhokama qilmoqda - OAV
12:30 / 05.10.2024
YeK: Xitoy elektromobillariga bojlarni oshirish yo‘li ochildi
10:50 / 05.10.2024