08:36 / 05.12.2020
41690
Pensiya to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilmoqda

Loyiha Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portaliga muhokama uchun joylashtirilgan.

Hujjat «Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi Qonunni «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiqlashtirishga qaratilgan, deb yozadi Norma.
 
Loyihada pensioner vafot etgan oydagi pensiyasini qarindoshlariga to‘liq hajmda berish nazarda tutilmoqda. Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq vafot etgan pensionerning qarindoshlariga u vafot etgan sanagacha bo‘lgan kunlar uchun pensiya to‘lanadi.
 
Shuningdek loyihada «nogiron» tushunchasini «nogironligi bo‘lgan shaxs» tushunchasiga o‘zgartirish taklif etilmoqda.
 
O‘zgartirishlar kiritilishi munosabati bilan budjetdan tashqari davlat Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ravishda yiliga 4,4 mlrd so‘m to‘lanishi kutilmoqda.
 
Loyiha qabul qilinishi bilan Vazirlar Mahkamasining 7.09.2011 yildagi 252-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritiladi. 
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki bekor qilinishi mumkin.

Top