09:56 / 08.12.2020
7594
So‘nggi ikki yilda 1986 nafar mansabdor shaxs davlatga 2 trillion so‘m zarar yetkazgan 

So‘nggi ikki yilda 1986 nafar mansabdor shaxs noqonuniy xatti-harakati bilan davlatga 2 trillion so‘m zarar yetkazgan va korrupsiyaga oid jinoyatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyaning 28 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigida aytildi.

Foto: REUTERS/Mukhammadsharif Mamatkulov

“Taraqqiyot kushandasi bo‘lgan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning ta'sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va amalga oshirish lozim. So‘nggi ikki yilda noqonuniy xatti-harakati bilan davlatga 2 trillion so‘m zarar yetkazgan 1986 nafar mansabdor shaxs korrupsiyaga oid jinoyatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgani bu masala naqadar dolzarb ekanini ko‘rsatadi”, - deya ta'kidlab o‘tdi davlat rahbari.

Ma'lum qilinishicha, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni tizimli va kompleks davom ettirish uchun 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasi ustida ish olib borilmoqda.

“Shu o‘rinda yana bir bor ta'kidlab aytaman: bu masala biz uchun o‘ta muhim va ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Chunki korrupsiya – bu davlatimizni ich-ichidan yemirib, milliy xavfsizligimizga raxna soladigan g‘oyat xatarli tahdid va unga qarshi murosasiz kurash olib borish – barchamizning burchimizdir”, - dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Top