Prezident sodda soliq ma’murchiligi va byurokratiyasiz qulay muhit yaratish borasida muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
«Endi sizlarni eng ko‘p qiynaydigan yo‘nalishga to‘xtalamiz. Sodda soliq ma’murchiligi va byurokratiya, korrupsiyani yo‘q qilish. Baribir tadbirkorni eng qiynayotganlar bu soliqchilar. Sizlar buni aytmaysizlar, lekin men o‘zim buni juda yaxshi bilaman.
Mamlakatimizda tadbirkorlar qancha ko‘p bo‘lsa, ular qancha ko‘p daromad olsa, davlatimiz ham boy bo‘ladi. Sizdek shijoatli, ishbilarmon, tashabbuskor va fidoyi tadbirkorlarimiz safi karra-karra kengayishidan barchamiz birdek manfaatdormiz.
Shuni bilinglar, men sizlarni eng yaxshi do‘stlarim deb bilaman. Bir narsani bilinglar, ortingizda prezident turibdi. Hech narsadan qo‘rqmanglar, faqat oldinga yurishni juda katta mamnuniyat bilan iltimos qilmoqchiman.
Shu bois biz tadbirkorlarga soliq yukini ko‘paytirish emas, balki ularni qo‘llab-quvvatlash orqali soliq bazasini kengaytirish hisobiga budjetga tushumlarni oshirish yo‘lidan boryapmiz. Mahsulotni ko‘paytirish kerak, sharoit yaratish kerak.
O‘tkazilgan so‘rovlarda 62 foiz tadbirkorlar soliq sohasidagi islohotlarni ijobiy baholagan. Lekin biznes vakillari soliq tizimidan, soliqchilar faoliyatidan qanchalik rozi, degan savol meni juda qiynaydi.
Murakkab soliq ma’murchiligi, biznesga ortiqcha aralashish va tizimdagi korrupsiya holatlarining barchasidan albatta xabarim bor. Bu ustida ko‘p ishlayapmiz. Bu illatlardan qancha tez qutulsak, ishlarimizda shuncha ko‘p natija bo‘ladi», dedi davlat rahbari.
Soliq tizimi tubdan isloh qilinib, soliq idoralari xodimlarining yondashuvlari butunlay o‘zgartirilishi ta’kidlandi. Soliq ma’murchiligi ham soddalashadi.
Davlat rahbari bu islohotlarda tadbirkorlarni ham befarq bo‘lmaslikka chaqirdi.

«Hozirgi tadbirkorlarni xavf guruhiga kiritish tizimi yopiq bo‘lib, intizomli soliq to‘lovchilar ham qaysidir hamkori qachonlardir xato qilgan bo‘lsa, uning uchun ham javob bermoqda.
O‘tkazilgan so‘rovlarda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarning 70 foizi ushbu soliqni qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyentini qo‘llash, ya’ni «tax gap» tizimi adolatsiz ekanini bildirgan.
Soliq tizimidagi korrupsiya bilan bog‘liq shikoyatlar haddan tashqari ko‘payib ketgani ham aynan «tax gap» bilan bog‘liq.









