18:12 / 11.12.2020
7638
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va YeOII muloqotini rivojlantirish qanday omillar bilan izohlanishini ma'lum qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 dekabr kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining videoanjuman shaklidagi yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko raisligida o‘tgan tadbirda kun tartibiga muvofiq O‘zbekistonga YeOII huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini berish masalasi ko‘rib chiqildi, shuningdek, birlashma doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb jihatlari muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida O‘zbekistonning kuzatuvchi maqomini olish to‘g‘risidagi murojaati qo‘llab-quvvatlangani uchun minnatdorlik bildirib, YeOIIning xalqaro nufuzi tobora ortib borayotgani, tashkilotning xorijiy mamlakatlar bilan amaliy hamkorlik geografiyasi keng ekanini alohida ta'kidladi.

Mamlakatda amalga oshirilayotgan keng miqyosli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning bugungi muhim bosqichida O‘zbekiston barcha xalqaro sheriklar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni izchil kengaytirib borish, shu jumladan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan muloqotni rivojlantirish tarafdori ekani qayd etildi.

Bu quyidagi muhim omillar bilan izohlanadi.

YeOII mamlakatlari, eng avvalo, O‘zbekistonning asosiy, tabiiy savdo sheriklaridir. Keyingi yillarda respublikaning tashkilot davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar ortdi.

Mamlakatlar iqtisodiyotlari ko‘p jihatdan bir-birini to‘ldirib turadi, turli tarmoqlarda samarali kooperatsiya va mingdan ortiq qo‘shma korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani bundan dalolat.

O‘zbekiston va YeOIIga a'zo davlatlarning transport kommunikatsiyalari va infratuzilmasi chuqur integratsiyalashgan va o‘zaro yaqindan bog‘langan.

Bundan tashqari, keng Yevroosiyo mintaqasi doirasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarga mehnat resurslarining yuqori darajadagi mobilligi xosdir.

Davlat rahbari mamlakatlar iqtisodiyotlarining ulkan salohiyatidan to‘liq hajmda foydalanish, savdo munosabatlaridagi to‘siq va g‘ovlarni birgalikda bartaraf etish, o‘zaro sa'y-harakatlar bilan yangi bozorlarni shakllantirishga chaqirdi.

O‘zbekiston sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, ilg‘or tajriba va innovatsion yondashuvlar asosida qo‘shilgan qiymat yaratishning barqaror zanjirlarini shakllantirishdan manfaatdor ekani ta'kidlandi.

Transport va tranzit sohasida o‘zaro muvofiqlashgan yondashuvlarni ishlab chiqish muhimligiga alohida e'tibor qaratildi. Bu transport yo‘laklarini yanada faol ishga solish, ularning raqobatbardoshligi va quvvatini salmoqli darajada oshirishga yordam beradi.

Mehnat migratsiyasi sohasida yaqindan hamkorlik qilish muhim ahamiyatga ega ekani ta'kidlandi. Bu aholi bandligi bilan bog‘liq ko‘plab dolzarb masalalarni hal qilish hamda ishtirokchi davlatlar iqtisodiyotlarining malakali mutaxassislarga tobora ortib borayotgan ehtiyojini ta'minlashga xizmat qiladi.

Yuqorida qayd etilgan barcha omillar mamlakatning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan kuzatuvchi davlat maqomida hamkorlik qilishi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Oliy Majlisi tomonidan ma'qullanishi uchun asos bo‘ldi.

Ta'kidlanganidek, bu amaliy va ko‘p qirrali munosabatlarning sifat jihatidan yangi bosqichiga chiqish, tashkilot doirasida ro‘y berayotgan muhim jarayonlarni yanada chuqur va aniq tushunish imkonini beradi.

Davlat rahbari so‘zining yakunida bunday sheriklikni rivojlantirish mamlakatlarimizning milliy manfaatlariga javob berishi, teng huquqlilik, o‘zaro foyda va manfaatlarni hisobga olish prinsiplariga asoslangan bo‘lishi lozimligini alohida ta'kidladi.

Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yig‘ilishi yakunida YeOIIga a'zo mamlakatlar yetakchilari O‘zbekistonga tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini berish to‘g‘risida bir ovozdan qaror qabul qildilar, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida. 

Top