00:42 / 12.12.2020
4169
Bayden “Yil odami” unvoniga loyiq topilganidan mamnuniyat bildirdi 
Foto: Getty Images

AQShning yangi saylangan prezidenti Jo Bayden o‘zi va saylovoldi poygasi bo‘yicha sherigi - bo‘lajak vitse-prezident Kamala Xarris Time nashri talqiniga ko‘ra “Yil odami” deb topilgani uchun minnatdorlik bildirdi. 

Time joriy yil uchun “Yil odami” sifatida birdaniga ikki nomzod - Jo Baydenni va vitse-prezident lavozimini egallayotgan birinchi ayol Kamala Xarrisni tanlab oldi.

“Men Kamala Xarris bilan birga “Yil odami” deb topilganimizdan “boshim osmonga yetdi” va ko‘plab atoqli arboblar kiritilgan ushbu ro‘yxatga qo‘shilganimdan minnatdorman. Barcha amerikaliklar - pandemiyaga qarshi old saflarda kurashayotganlar ham, irqiy adolat qo‘llab-quvvatlovi uchun tadbirlar tashkillashtirayotganlar ham iroda kuchini va yaxshiroq kelajakka ishonishini ko‘rsatib, joriy yilda yuzaga kelgan chaqiriqlarga javob berishdi”, deb yozgan Bayden Twitter’da.  

Nashr Baydenni “Yil odami” deb topishida u noyabrda o‘tgan prezident saylovlarida AQShning 44-prezidenti Barak Obamaning rekordini yangilab, AQSh tarixida eng ko‘p ovoz to‘plagan nomzod bo‘lgani bosh omil bo‘lgan. 

Time tahririyati har yil “Yil odami”ni dekabrda e'lon qiladi va bu nomga loyiq topilgan shaxs suratini jurnal muqovasida joylashtiradi. 

Ushbu unvonni berish uchun aniq mezonlar yo‘q, u yil davomida jamiyatga, xoh salbiy, xoh ijobiy bo‘lsin, eng katta ta'sir ko‘rsatgan odamga beriladi.

Amerikalik uchuvchi Charlz Lindberg tarixda birinchi bo‘lib Atlantika okeani ustidan uchib o‘tgani uchun 1927 yilda ushbu unvonning birinchi sohibiga aylangan.

Unvonning berilishi tarixi davomida 70 ga yaqin siyosiy va jamoat arbobi unga loyiq topilgan. O‘z vaqtida u Mahatma Gandi (1930), Iosif Stalin (1939, 1942), Uinston Cherchill (1940, 1949), Yelizaveta II (1952), Nikita Xrushchev (1957),  Sharl de Goll (1958), Martin Lyuter King (1963), Genri Kissinjyer (1972), oyatulloh Ruhalloh Homayniy (1979), Lex Valensa (1981), Yuriy Andropov va Ronald Reygan (1983), Mixail Gorbachev (1987, 1989), Ioann Pavel II (1994) va Vladimir Putinga (2007) berilgan.

Shuningdek, Jyerald Forddan tashqari, Franklin Ruzveltdan boshlab AQShning barcha prezidentlari ushbu nomga sazovor bo‘lgan. Ruzveltning o‘zi esa “Yil odami”ga 3 marta (1932, 1934 va 1941) loyiq topilgan tarixdagi yagona inson hisoblanadi.

Top