12:06 / 16.12.2020
31365
«Marhumning o‘limiga umuman aloqam yo‘q» – Guljahon Yo‘ldosheva sudda ko‘rsatma berdi

Toshkent viloyatining bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan jinoyat ishi yuzasidan sud jarayonlari davom etmoqda. 14 dekabr kuni navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beradi.

Avvalgi sud majlisida so‘roq qilingan shifokorlar koronavirusdan vafot etgan bemor (marhum) Farrux Rustamovning boshqa shifoxonaga ko‘chirilishida Yo‘ldoshevaning to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashuvi bo‘lmaganini aytishgan edi.

Bu galgi sud majlisida Guljahon Yo‘ldoshevaning koronavirusga chalingan bemor (marhum) Rustamovning boshqa shifoxonaga ko‘chirilishiga doir vaziyat, shuningdek, budjet mablag‘larini talon-toroj qilinishiga doir ayblovlar yuzasidan ko‘rsatmalari tinglandi.

Yo‘ldosheva o‘z ko‘rsatmalarini unga qo‘yilgan eng katta ayblov, ya'ni odam o‘lishi bilan bog‘liq jinoyat sodir etganlikda ayblangani uchun ayblovning 19-epizodidan boshladi. U buning sababini aynan shu ayblov hayotini o‘zgartirib yuborgani va bir oydan oshiqroq vaqt davomida qamoqda yotishiga sabab bo‘lgani bilan izohladi.

Yo‘ldosheva marhum Farrux Rustamovning Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasidan viloyat ruhiy-asab kasalliklari dispanseriga o‘tkazilishida umuman ishtirok etmaganini, bemor boshqa kasalxonaga o‘tkazilayotgan vaqtda shifoxonada bo‘lmaganini ta'kidladi.

Shuningdek, pandemiya vaqtida shifoxonada yetarlicha sharoit bo‘lmagani, og‘ir bemorlarga qarashda shifokorlar yetishmaganini, har bir bemor bilan alohida ishlash imkoni bo‘lmaganini ham qo‘shimcha qildi.

Yo‘ldosheva, shuningdek, unga nisbatan qo‘yilgan davlat budjeti mablag‘larini talon-toroj qilish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan ham ko‘rsatma berdi.

Yo‘ldosheva o‘z ko‘rsatmasidan keyin davlat ayblovchilari va advokatlar tomonidan berilgan savollarga javob berdi.

Majlis tafsilotlari bilan batafsil Kun.uz'ning YouTube'dagi kanaliga joylangan videoreportaj orqali tanishishingiz mumkin.

Sud 17 dekabr kuni soat 11:00ga qadar tanaffus e'lon qildi.

Top