18:20 / 17.12.2020
5040
OTMlarga dori yetkazib berishni «Dori-Darmon» AKga yuklash qonunga zid bo‘lishi mumkin

Sog‘liqni saqlash va oliy ta'lim vazirlarining qo‘shma qaroridagi talab qonuniyligini Aksilmonopoliya qo‘mitasi tekshirmoqda.

Foto: doridarmon.uz

OTMlar o‘z xodimlari va talabalarga tarqatish uchun dori vositalarini faqat «Dori-Darmon» AKdan xarid qilishi shartligi haqidagi talab «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunga zid bo‘lishi mumkin.

Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi ayni masala yuzasidan o‘rganish olib bormoqda. Buni qo‘mita vakili Kun.uz'ga tasdiqladi.

Cog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev va oliy ta'lim vaziri Inom Majidov 7 dekabr kuni imzolagan qo‘shma qaror bilan, OTM talabalari va xodimlari o‘rtasida koronavirus profilaktikasini tashkil etish choralari belgilangan.

Unga ko‘ra, OTMlar budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan gidroksixloroxin va rux preparatlarini sotib olib, xodimlar va talabalarga tarqatadi.

Bunda «Dori-Darmon» AK yagona yetkazib beruvchi etib belgilangan.

«Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 12-moddasiga ko‘ra, davlat boshqaruvi organlari shartnomalar tuzishda ustunlik berish, sotib oluvchilarning muayyan doirasiga tovarlarni birinchi navbatda realizatsiya qilish, moliyaviy mablag‘larning manbalarini tanlash va ulardan foydalanish yo‘nalishlarining afzalligi to‘g‘risida xo‘jalik yurituvchi sub'yektga ko‘rsatmalar berishi taqiqlanadi.

Shuningdek, davlat organlari ayrim xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan imtiyozlar, preferensiyalar va yengilliklarni asossiz ravishda berishga haqli emas.

Top