22:55 / 19.12.2020
5803
Zoyir Mirzayev: «Viloyatda ishlab chiqarilishi mumkin bo‘lgan oddiygina kafel chetdan import qilinmoqda»

Bugun Qashqadaryoda xalq deputatlari viloyat kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev viloyat aholisiga murojaat qildi. Sessiyada Kun.uz muxbiri ham ishtirok etdi.

Zoyir Mirzayev 2020 yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari hamda kelgusi 2021 yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar yuzasidan viloyat aholisiga murojaat qilar ekan, viloyatda bir qator sohalarda o‘sish kuzatilganini, yana bir qator sohalarda ko‘rsatkichlar o‘tgan yilgiga qaraganda past bo‘lganini ma'lum qildi. Jumladan, yalpi ichki mahsulot hajmi 100,6 foiz, xalq iste'moli mollarini ishlab chiqarish 102,4 foizga, xizmat ko‘rsatish 102,5 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish 102,7 foizga, pudrat ishlari 103,1 foizga o‘sgan.

Lekin sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish kamaygan. Respublika tasarrufidagi 11 ta  yirik hamda 10 ta hududiy korxonalar tomonidan ishlab chiqarish hajmi 1,4 trillion so‘mga kam bo‘lgan.

Viloyat hokimining ta'kidlashicha, Shahrisabz shahar, Koson, Kasbi, Mirishkor tumanlarida birorta mahalliylashtirish loyihalari mavjud emas.

«Viloyatda ishlab chiqarilishi mumkin bo‘lgan oddiygina kafel va yog‘och qirindili plitalar (DSP) chetdan import qilinmoqda», degan viloyat hokimi.

Zoyir Mirzayev viloyatda o‘tkazilgan keng miqyosdagi xatlov ishlariga ham to‘xtalgan. Jumladan, viloyatdagi 5 ta tumanda (Kitob, G‘uzor, Qarshi, Kasbi, Mirishkor) xatlov ishlari olib borilishi oqibatida noqonuniy faoliyat olib borilishi holatlari mavjud ekanligini ta'kidlab o‘tgan.

«Xatlovlarda 52 ta bo‘sh va samarasiz foydalanib kelinayotgan binolar aniqlandi. 282 ta sub'yekt esa hech joydan ro‘yxatdan o‘tmasdan turib, unda 480 nafar ishchi ishlamoqda. Shuningdek, 890 nafar faoliyatsiz sub'yektlarning nima uchun o‘z faoliyatini to‘xtatganligi sabablari birma-bir o‘rganib chiqildi. Qayd etish joizki, o‘rganishlar doirasi jami 2200 nafar ish o‘rni va bir oyda 2,1 mlrd so‘m qo‘shimcha soliq bazasi aniqlandi,» – deya ta'kidlagan Zoyir Mirzayev.

Top