13:14 / 24.12.2020
1943
Deputatlar fazoviy ma'lumotlarga oid qonun loyihasini muhokama qilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi fraksiyalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi tomonidan kiritilgan “Fazoviy ma'lumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilinmoqda.

Foto: NASA

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, qonun loyihasini qabul qilishdan maqsad fazoviy ma'lumotlarni yaratish va foydalanish hamda Fazoviy ma'lumotlar milliy infrastrukturasini yaratish, qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish sohalarida munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Qonun loyihasining amaliyotga joriy etilishi natijasida maxsus vakolatli davlat organi tomonidan Fazoviy ma'lumotlar milliy infratuzilmasi tarkibida geoportallar tarmog‘i yaratilib, fazoviy ma'lumotlarga oid quyidagi xizmatlar ko‘rsatiladi.

  • axborot tarmoqlaridagi fazoviy ma'lumotlarni va fazoviy ma'lumotlar servislarini aniqlashni ta'minlaydigan qidiruv;
  • fazoviy ma'lumotlarni, geofazoviy obektlarning tavsiflari va metama'lumotlarning mazmuni to‘g‘risidagi axborotni ko‘rib chiqish;
  • fazoviy ma'lumotlardan foydalanilishini yoki ularning ko‘chirma nusxalarini olishni ta'minlash;
  • fazoviy ma'lumotlar koordinatalarini bir koordinatalar tizimidan yoki kartografik proyeksiyadan boshqasiga o‘tkazishni va o‘zgartirishni ta'minlaydigan koordinatalar operatsiyalari.

Shuningdek, qonunda fazoviy ma'lumotlar sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni tasdiqlash hamda ularning ijrosini ta'minlash, fazoviy ma'lumotlarning milliy infratuzilmasini yuritish tartibini belgilash, ommaviy foydalanish uchun ochiq bo‘lgan fazoviy ma'lumotlar ro‘yxatlarini shakllantirish, fazoviy ma'lumotlar sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta'minlash Vazirlar Mahkamasi vakolatiga berilishi nazarda tutilmoqda.

Avgust oyida qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilingandi. Muhokama jarayonida qonun tashabbuskorlari O‘zbekiston hozirda sun'iy yo‘ldoshni ijaraga olish borasida ish boshlangani va tez orada bu amalga oshirilishini ma'lum qilgandi.

Top