11:32 / 25.12.2020
3381
O‘zbekistonda 400dan oshiq ko‘ngilli koronavirusga qarshi emlandi. Hozircha nojo‘ya holatlar kuzatilmagan

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Nurmat Otabekov SSV matbuot xizmatining O‘zbekistonda boshlangan koronavirus vaksinalarining klinik sinovlari haqidagi savollariga javob qaytardi.

— Covid-19’ga qarshi vaksina sinovlarida yurtdoshlarimiz ko‘ngilli sifatida qatnashayotgani haqida bilamiz. Sinov jarayonlarida qatnashish tartiblari qanday, bunda ko‘ngillilarga qanday talablar qo‘yiladi? Yoki istagan kishi unda ishtirok etishi mumkinmi?

— Ma'lumki, respublikamiz koronavirusga qarshi ishlab chiqilishi rejalashtirilayotgan vaksinaning samaradorligini sinovdan o‘tkazishning 3-klinik fazasida ishtirok etmoqda. Shu bois ushbu tadbirga 18 va undan yuqori yoshdagi ko‘ngillilar jalb qilinadi. Dastlab, ko‘ngillilarning barchasi tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi, olingan qon namunalari koronavirus kasalligi bor yoki yo‘qligi bo‘yicha laboratoriya usulida tekshiriladi, kasalligi borlar va kasallikni o‘zida o‘tkazib, unga qarshi antitanachalari mavjud bo‘lgan shaxslar sinov jarayonidan chiqarib yuboriladi va bu tadbirga jalb qilingan har bir shaxsning salomatligi butun sinov mobaynida kuzatuv ostiga olinadi. 

Ta'kidlash joizki, surunkali kasalligi bor va isitmalayotgan, qon bosimi me'yoridan yuqori, qon kasalliklari mavjud, immun tanqisligi bilan kasallangan, saratonga chalingan bemorlar hamda homilador va farzand ko‘rish istagidagi ayollar ham bu jarayonda qatnashishi mumkin emas.    
                                                                                          
Ayni paytdagi klinik sinovlarda 400 nafardan oshiq ko‘ngillilar mazkur vaksina bilan emlandi. Kimdir ko‘ngilli sifatida sinov jarayonida qatnashish istagida bo‘lsa, tez orada Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etiladigan maxsus saytga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi. 

Hozir ko‘ngillilar orasida sinab ko‘rilayotgan koronavirusga qarshi emlash tadbirlari Xitoyning rekombinat vaksinasi bilan amalga oshirilmoqda, ushbu vaksinaning birinchi va ikkinchi klinik sinovlari Xitoyda amalga oshirilgan bo‘lib, o‘ta muvaffaqiyatli o‘tdi, deb baholangan. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati klinik sinovning 3-bosqichi amalga oshirilishini doimiy nazorat ostiga olgan. Tizimda mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, shu paytgacha emlangan ko‘ngillilar orasida emlashdan keyingi reaksiyalar va salbiy asoratlar kuzatilmadi hamda har bir emlangan shaxs ustidan tibbiy nazorat o‘rnatilgan.  

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top