21:08 / 25.12.2020
1746
Ucell Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi axborotidagi noaniqliklar bo‘yicha oydinlik kiritdi

«COSCOM» MChJ (Ucell savdo belgisi) O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi veb-saytida e'lon qilingan «Ilovani yuklab oling, chiroqni ishqalang va sovg‘alarga ega bo‘ling» sarlavhasi ostidagi maqoladagi noaniqliklar bo‘yicha oydinlik kiritdi.

Foto: Ucell matbuot xizmati

23 dekabr kuni Monopoliyaga qarshi qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Ucell uyali aloqa operatori tomonidan deyarli 338 ming abonentga nisbatan qonunbuzarliklar aniqlagani, umumiy zarar 97,4 million so‘mdan ortiqni tashkil etishi va bu mablag‘ ayni vaqtga kelib iste'molchilarga qaytarib berilgani to‘g‘risida axborot tarqatgandi. Ucell kompaniyasi agentlikning bu bayonotida noaniqliklar borligini ma'lum qildi.

«Ucell «First IT-Group» MChJ kontent-provayderi bazasida taqdim etilgan «Al-Chiroq» mobil ilovasi ishida aniqlangan texnik nosozlikni shu kuni, ya'ni 2020 yil 30 sentyabrda bartaraf etishni boshladi.

2020 yil 5 oktyabr kuni Ucell abonenti tomonidan «Al-Chiroq» xizmatining ishlashi to‘g‘risida shikoyat bilan kompaniyaning Call-markaziga qayta qo‘ng‘iroq kelib tushgan paytda, texnik nosozlikni bartaraf etish bo‘yicha tadbirlar kontent-provayder tomonidan muvaffaqiyatli yakunlandi va «Al-Chiroq» ilovasining ishlashi to‘liq tiklandi.

Ucell, bozorning mas'uliyatli ishtirokchisi sifatida, texnik nosozliklarni bartaraf etgandan so‘ng, ushbu mobil ilovadan foydalangan kompaniya abonentlari uchun 30 sentyabrdan 5 oktyabrgacha muddatda bo‘lgan to‘lovlarni qayta hisob-kitoblarni amalga oshirish maqsadida tekshiruv boshladi .

2020 yil 6 oktyabrdan 9 oktyabrgacha Ucell qayta hisob-kitob qilish uchun tahlil va barcha zarur protseduralarni o‘tkazib, unda «Al-Chiroq» ilovasi faoliyatidagi texnik nosozlikni bartaraf etish davrida 337 975 Ucell abonenti ushbu dasturdan foydalangani aniqlandi. Ushbu abonentlarning hisobidan yechib olingan 97 432 379,33 so‘m miqdoridagi mablag‘ 9 oktyabr kuni oxiriga qadar Ucell abonentlariga qaytarildi.

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi 337 975 nafar abonentga 97 million so‘mdan ortiq so‘m qaytarilishi haqida faqat 6 noyabr kuni Ucell kompaniyasining agentlikning 2020 yil 11 noyabrdagi so‘rov xatiga bergan javobidan so‘ng xabar topgan.

Shu bilan birga, 19 noyabr kuni kompaniya qo‘shimcha ravishda har bir abonentga mablag‘ qaytarilganini tasdiqlovchi 6377 sahifadan iborat hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga taqdim etgan.

Shuning uchun ham, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan berilgan maqoladagi «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan muammoni hal qilish jarayonida tizimdagi (2020 yil 30 sentyabrdan 4 oktyabrgacha) uskunalar ishlamay qolganligi sababli aksiya doirasida ishtirok eta olmagan 337 975ta abonentning foydalanilmagan xizmat kunlari uchun mablag‘lari kompaniya tomonidan to‘liq qaytarib berildi va bu 97 432 379,33 so‘mni tashkil etadi», degan so‘zlari noto‘g‘ri ma'lumotdir, chunki aslida Ucell O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligidan 2 noyabrda kelib tushgan so‘rovga qadar mablag‘larni qayta hisoblab chiqqan va pullarni o‘z abonentlariga qaytarib berib bo‘lgandi.

Ikki yildan ortiq vaqtdan beri, 2018 yil 5 dekabrdan boshlab MChJ «COSCOM» («Ucell» savdo belgisi) 100 foiz davlatga tegishli kompaniya hisoblanadi. So‘nggi ikki yil ichida 8 million abonentga ega Ucell O‘zbekistonning uyali aloqa bozorida yetakchiga aylandi. Kompaniya mamlakatdagi eng yirik soliq to‘lovchilar qatoriga kiradi va O‘zbekistonning ijtimoiy va iqtisodiy hayotida mas'uliyatli korporativ fuqaro sifatida faol ishtiroki bilan tanilgan.

Ucell har bir abonent bilan shaffof, ochiq, samarali va tiyiniga qadar aniqlikda ishlaydi», deyiladi kompaniya matbuot xizmati munosabatida.

Top