18:25 / 27.12.2020
10067
Senat raisi Mehnat kodeksidagi ayrim imtiyozlar faqat ayollarga berilganiga e'tiroz bildirdi

3 yoshga to‘lmagan yoki nogironligi bor bolani parvarishlash bilan band onalarga Mehnat kodeksida ayrim yengilliklar berilgan. Ammo bolani parvarishlash vaziyat taqozosi bilan erkak kishining zimmasiga tushishi ham mumkin, deydi Tanzila Norboyeva.

Foto: Kun.uz

Mehnat kodeksiga asosan, 16 yoshga to‘lmagan nogiron bolasi bor ayolning iltimosiga ko‘ra, ish beruvchi unga to‘liqsiz ish kuni yoki to‘liqsiz ish haftasi belgilashga majbur.

Shu bilan birga, ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi 2 yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta'til berilib, nafaqa to‘lanadi.

Bundan tashqari, ayollar bolasi 3 yoshga to‘lgunga qadar ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha ta'til olishi ham mumkin.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyevaning fikricha, bu normalarda aniq qilib ayollar deb yozib qo‘yilgani noto‘g‘ri.

«Oila er va xotin kelishuvi asosida quriladi. Nogironligi bor bola bilan onasi o‘tiradimi yoki otasi, buni ular hal qiladi. Otasi uyda o‘tirib, onasi ishlashi ham mumkin-ku.

Xuddi shunday yondashuv hamma qonunlarimizda bo‘lishi kerak. Faqat ayol deb cheklab qo‘yish noto‘g‘ri. Masalan, ayol kishining oyligi ko‘proq bo‘lishi mumkin, shunday vaziyatda u ishlasa, ma'qulroq deb topiladi.

Balki erkak kishining bolaga qarashga ko‘proq ishtiyoqi bordir. Marhamat, erkak bolaga qaraydigan bo‘lsa, shunga kelishilgan bo‘lsa, unda ayol ishlasin.

Agar biz faqat ayol deb qo‘yadigan bo‘lsak, ertaga bu qonun yana qog‘ozda qolib ketadi. Ishlamaydi. Erkak chiqadi yoki bo‘lmasa buvisi men qarayman desa, yo‘q faqatgina onaga qo‘llaniladi bu, degan e'tiroz bo‘lishi mumkin. Shuning uchun, Senatga kelishidan oldin qonunlarni gender ekspertizasidan o‘tkazamiz», – dedi Tanzila Norboyeva 21 dekabr kuni Gender tenglik komissiyasi yig‘ilishida.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov ham bu fikrga qo‘shilgan.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida ushbu masala inobatga olinmoqda.

«Mehnat kodeksining yangi bobida nogironligi bor bolalarga qarashga ayollar va oilaviy majburiyatlarga ega kishilar – hattoki uning bobosi, onasi va turmush o‘rtog‘i ham mas'ul bo‘lishi mumkin», – dedi yig‘ilishda so‘z olgan Nozim Husanov.

Top