16:18 / 27.12.2020
2952

SSV: Bitta asossiz chaqiriq ham boshqa bemorning hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkin

O‘zbekistonda 2020 yilda tez yordamga chaqiriqlarning 133 mingga yaqini natijasiz chaqiriqlar, deb baholangan. SSV matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, yillik chaqiriqlarning o‘rtacha 15 foizi bemor shifoxonaga olib borilishi bilan yakunlanadi, 85 foiz holatda bemorning holati yaxshiligi uchun unga joyida xizmat ko‘rsatilishi kifoya bo‘ladi.

«Kundalik hayotimizda u yoki bu surunkali kasalligi bor bemorlar goh qon bosimini o‘lchatish, gohida esa qaysidir ukolni qildirish uchun ham «tez yordam»ni chaqirish holatlarini ko‘p uchratamiz.

Ma'lumotlarga qaraganda, kuniga ikki martadan ko‘p murojaat qilgan ana shunday bemorlar ham bor. Aniq raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, o‘tgan yili «103» xizmatiga surunkali kasalliklari bo‘lgan bemorlardan 573 mingdan ortiq murojaatlar tushgan bo‘lsa, bu yilning 11 oyi davomida 832 ming nafarga yaqin shu toifadagi chaqiriqlarga xizmat ko‘rsatilgan.

Aslida, surunkali kasalliklari bo‘lgan bemorlar o‘zlari yashab turgan hududlaridagi oilaviy poliklinika yoki qishloq vrachlik punktiga murojaat etib, shifokor tavsiyasi asosida muolajalarni uzluksiz tarzda to‘g‘ri olib borsa, avvalo, o‘z sog‘lig‘i uchun foydali bo‘ladi. 

Chunki tez tibbiy yordam xodimlarining qo‘lida poliklinikada bor bo‘lgan laborator tahlillar va instrumental jihozlar mavjud bo‘lmagani uchun ular chaqiriq davomida chuqur tahlil o‘tkazishi va davolashi imkonsiz. 

Shu sababli ular bemorni davolamaydi, balki yuzaga kelgan holat bo‘yicha shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatadi, ya'ni faqat simptomatik davo choralarini ko‘radi. 

Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2019 yilda «103» xizmatiga tushgan murojaatlarning 95 mingdan ziyodi, 2020 yilda 133 mingga yaqini tez yordam xodimlari tomonidan natijasiz chaqiriqlar, deb baholangan. 

Bu «103» xizmati xodimlari  kelguniga qadar o‘lim holati sodir bo‘lgani yoki bemor «tez yordam» kelishini kutmay yo‘lovchi transportda olib ketilgani, yolg‘on chaqiriq, manzil topilmagani, tez tibbiy yordam rad etilgan kabi qator vaziyatlar bilan bog‘liqdir. 

Yana bir holat. Yurtimiz bo‘yicha yiliga chaqiriqlarning o‘rtacha 15 foizi gospitalizatsiya, ya'ni bemor shifoxonaga olib borilishi, 85 foiz holatda esa joyida xizmat ko‘rsatilishi ham «tez yordam» chaqiradiganlarning aksariyati aslida «103» yordamiga muhtoj emasligini anglatadi. Agar xalqaro tajribaga nazar solsak, masalan, Yevropa mamlakatlaridagi chaqiriqlarning aksariyat qismida bemor gospitalizatsiya qilinadi.

Afsuski, «103» xizmatiga yolg‘on qo‘ng‘iroqlar kelishi hamon davom etmoqda. Eng achinarlisi, bunday vaziyat oddiy chaqiriqdan ko‘ra ko‘proq vaqt va mehnat talab qiladi. Ustiga ustak, shifokor ham, tibbiy yordam mashinasi ham uzoq vaqt band bo‘lib qoladi. 

Chunki tez tibbiy yordam xodimlari qilingan murojaat haqiqatan ham yolg‘on ekanligini isbotlash maqsadida chaqiriqda ko‘rsatilgan manzilni aniqlashi, bu uchun esa kunning qaysi vaqti bo‘lishidan qat'i nazar so‘rab-surishtirishi, o‘rganishi va shundan so‘nggina uni hujjatlashtirishi kerak bo‘ladi.

Bu esa nafaqat «tez yordam» xodimlarining vaqtini oladi, balki «103» ko‘magiga muhtoj bo‘lgan boshqa bemorlarning kutib qolishiga, hatto ularning hayotini saqlab qolishni qiyinlashtirishga ham sabab bo‘lishi mumkin», deyiladi vazirlik xabarida.

Top