19:51 / 29.12.2020
1167
2020 yil O‘zbekistonda 1,2 mln aholi ilk marta ichimlik suvi bilan ta'minlandi - «O‘zsuvta'minot»

2020 yilda O‘zbekiston aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta'minlanish darajasi 70,8 foizdan 73 foizga chiqdi, deb ma'lum qildi «O‘zsuvta'minot» AJ raisi Sohib Saifnazarov.

28 dekabr kuni AOKAda «O‘zsuvta'minot» AJ mas'ullari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beradi.

«O‘zsuvta'minot» AJ boshqaruvi raisi Sohib Saifnazarovning ma'lum qilishicha, 2020 yilda hududlardagi aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta'minlanganlik darajasi 70,8 foizdan 73,0 foizga yetkazilgan.

2020 yilda investitsiya dasturi doirasida 1,9 trillion so‘m mablag‘ hisobidan 438ta ichimlik va oqova suv tizimlari qurildi va rekonstruksiya qilingan. 4866 km ichimlik suvi, 358,9 km oqova suv tarmog‘i qurilgan va rekonstruksiya qilingan.

«Natijada 1,2 mln aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta'minlandi», – dedi kompaniya rahbari.

Saifnazarovning so‘zlariga ko‘ra, sohadagi eng og‘riqli nuqtalardan biri – tarmoqlarda vujudga kelayotgan avariyalar.

«2020 yilda jami 140,4 mingta avariya va nosozlik bartaraf etildi. Avariya holatlari 2019 yilga nisbatan 16,8 mingtaga yoki 12 foizga kamaygani e'tiborga molik. Toshkent shahrida Isroil kompaniyasi bilan hamkorlikda 400 tadan oshiq suv yo‘qotishlarni topdik. Shundan 90 foizi ta'mirlandi», – dedi u.

Tadbirda ichimlik suvi narxlariga ham munosabat bildirildi. Ma'lum qilinishicha, aholiga ichimlik suvi yetkazish tannarxining katta ulushi elektr energiyasi sarfiga to‘g‘ri keladi.

Misol uchun, joriy yilda suv ta'minoti korxonalarining oylik elektr energiyasi sarfi 68 mln. kVtni (30,7 mlrd. so‘m), yillik sarfi esa 837 mln. kVtni (368 mlrd. so‘m) tashkil etgan. Shu sababdan ham hozirgi kungacha 9 ta viloyatda (Andijon, Namangan, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Samarqand, Farg‘ona, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari) yangi tariflar tasdiqlangan.

Anjumanda kelgusi yilda qilinadigan ayrim ishlar sanab o‘tildi. Unga ko‘ra, 2021 yil aprel oyida Toshkent shahar Qibray bosh suv inshootidagi 67 ta yerosti suv qudug‘iga quyosh panellarini o‘rnatish ishlari boshlanadi.

Toshkent shahrining Bektemir, Yangihayot va Sergeli tumanlarida 2021–2023-yillarda kunlik 250 ming m3 hajmdagi oqova suv tozalash inshootini qurish va ishga tushirish rejalashtirilgan. Natijada oqova suv nasos stansiyalarida sarflanayotgan yillik 10,5 mln kVt elektr energiyasi tejaladi, 55 ming nafar aholi oqova suv tizimlariga ulanadi; oqova suvlarini tozalash samaradorligi oshadi; hudud bo‘ylab tarqaladigan noxush hid yo‘qoladi.

Top