15:58 / 31.12.2020
1588
Vestminster universitetida Ucell-laboratoriyasi ochildi

Kecha, 30 dekabr kuni Toshkent xalqaro Vestminster universiteti (TXVU)da yangi Ucell-laboratoriya loyihasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Ucell'ning yetakchi lavozimlarida mehnat qilayotgan Vestminister bitiruvchilari ham qatnashishdi. Loyiha «COSCOM» MChJ (Ucell savdo belgisi) va Toshkent xalqaro Vestminster universiteti (TXVU)ning yosh iste'dodlariga ko‘maklashish, bo‘lajak mutaxassislar salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan.

Avvalroq, 2020 yilning avgustida Ucell kompaniyasi va TXVU o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangandi. Mazkur memorandum doirasida universitetning yangi binosi bazasida ochilgan Ucell-laboratoriyasi talaba va o‘qituvchilarga axborot va telekommunikatsiya sohasida, shuningdek, menejment va marketing yo‘nalishida tajriba almashish hamda bilim olish imkoniyatini yaratib berishi aytilmoqda.

– Ucell'ning Vestminster universiteti rivojiga qo‘shayotgan hissasi butun O‘zbekiston va barcha sohalarda kuchli kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi. “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e'lon qilingan yangi – 2021 yil arafasida yangi Ucell-laboratoriya loyihasining ochilishi biz uchun yanada muhim ahamiyat kasb etadi”, - deydi ochilish marosimida so‘zga chiqqan «COSCOM» MChJ Bosh direktori o‘rinbosari Farhod Nurmuhamedov.

Ucell bilan hamkorlikdagi Laboratoriya loyihasi telekommunikatsiyalar sohasida «professionallar fabrikasi»ni yaratishga poydevor bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda. Hozirda laboratoriya ma'ruzalar, taqdimotlar, trening va seminarlar hududi, mustaqil bilim olish va o‘zini o‘zi rivojlantirish, shuningdek, kreativ fotozona kabilarni o‘z ichiga oladi.

TXVU rektori Bahrom Mirqosimovning qayd etishicha:

– Toshkent xalqaro Vestminster universitetining maqsadi – O‘zbekiston, umuman, Markaziy Osiyoning ijtimoiy-iqtisodiy va kasbiy rivojlanishiga hissa qo‘shadigan xalqaro ta'lim standartlari hamda ilmiy-tadqiqot imkoniyatlarini ta'minlashdan iborat. Yangi O‘zbekiston bilim berish va ta'lim olishning yangi metodlarini talab etadi. Ucell-laboratoriya loyihasi talabalar va o‘qituvchilar uchun yangi ta'limiy, ilmiy va innovatsion imkoniyatlarni taqdim etadi. Bu mobil aloqa tarmoqlarini boshqarish va innovatsion yechimlarni yetkazib berishda bilim va ko‘nikmalarni amaliy jihatdan qo‘llash imkonini beruvchi platforma. Ucell-laboratoriya telekommunikatsiya sohasida yosh mutaxassislarning bilimini yanada mustahkamlashga katta yordam beradi.

Ucell axborot xizmati

Top