12:29 / 02.01.2021
14875
Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi tasdiqlandi
Foto: KUN.UZ

Hukumat qarori bilan Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
 
Nizomga ko‘ra, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslar quyidagi asoslardan biri mavjud bo‘lganda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi:

o‘zlariga nisbatan pora talab qilgan shaxs yoki o‘zlariga ma'lum bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar (Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti)ga bergan xabari asosida bunday huquqbuzarlik fosh etilsa;

korrupsiyaga oid jinoyatni sodir etganligi uchun qidiruvda bo‘lgan shaxs to‘g‘risida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga berilgan xabar asosida qidiruvdagi shaxs ushlanishi (huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari bundan mustasno).

Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslar tegishlicha bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 25 baravarigacha (669 ming so‘mdan 5 mln 575 ming so‘mgacha) miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirilishi mumkin.

Agar pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ko‘p bo‘lsa, mukofot quyidagi foiz hisobida hisoblanadi:

ancha miqdor uchun – mulk qiymatining 15 foizi miqdorida;

ko‘p va juda ko‘p miqdor uchun – mulk qiymatining 10 foizi miqdorida.

Shaxs korrupsiyaga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shganligi uchun davlat mukofotiga ham tavsiya etilishi mumkin. 

Shaxslarni rag‘batlantirish masalalari korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar huzurida tuziladigan maxsus komissiyalar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Maxsus komissiya qarori asosida bir martalik pul mukofoti yoki esdalik sovg‘asi bilan taqdirlash haqida qaror 1 ish kunida chiqariladi.

Pul mukofoti xarajatlar smetasiga o‘zgartirish kiritilgandan so‘ng 15 ish kuni ichida shaxslarning shaxsiy hisobvarag‘iga o‘tkazib beriladi.

Top