23:24 / 05.01.2021
11148
Kitob tumani hokimi elektr ta'minotidagi muammolardan qiynalayotgan aholiga hokimlik binosida ham chiroq yo‘qligini ma'lum qildi

Kitob tumani hokimi Alisher Zokirov elektr energiyasi ta'minotida muammolarga duch kelayotgan odamlarning so‘rovlariga javoban tuman aholisiga murojaat qilgan va unda hokimlik binosida ham chiroq yo‘qligini ma'lum qildi.

Tuman hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, hokim aholining elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlar ortidan qilingan ko‘plab so‘rovlariga javob berar ekan, chiroq ko‘p o‘chirilayotganiga so‘nggi kunlarda havoning keskin sovib ketishini sabab qilib ko‘rsatgan. Shuningdek, u chiroq muammosini hal qilish tuman hokimligi imkoniyatidagi ish emasligini, bu uchun respublika tashkilotlariga, Energetika vazirligiga va ta'minotchi soha rahbariyatiga talablar qo‘yilayotganini ma'lum qilgan.

«Mana bir necha kundan buyon tumanimizda elektr ta'minoti masalasida uzilishlar bo‘lyapti. Ayni kunlarda ob-havoning qattiq sovib borayotganligi elektr energiyasiga bo‘lgan talabning yanada oshib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Tabiiyki, bunday paytda e'tirozlar va murojaatlar ko‘payadi. Ta'minotdagi uzilishlar sabablari aytilganda hammasi xuddi bahonadek taassurot qoldirishi tayin.

Aziz tumandoshlar! Mavjud vaziyat masalaga ochiq ko‘z bilan qarashni taqozo etadi. Bu tuman hokimligi darajasida hal bo‘ladigan muammo emas. Bu muammoni bartaraf etish yuzasidan tuman hokimligi nomidan yuqori turuvchi respublika tashkilotlariga, xususan, Energetika vazirligi, ta'minotchi soha rahbariyatiga bir necha bor rasman aloqaga chiqib, ahvolni yaxshilash to‘g‘risida talablar qo‘ymoqdamiz», – degan hokim.

Shundan so‘ng, Alisher Zokirov Energetika vazirligi hamda «Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot xizmatlarining elektr ta'minotidagi uzilishlarga bergan munosabatini keltirgan.

Alisher Zokirov murojaatida o‘zi ham Kitob tumanida yashashini va hokimlik binosida ham chiroq yo‘qligini, elektr ta'minotidagi uzilishlardan tuman hokimligiga hech bir manfaat yo‘qligini ma'lum qilgan. Shuningdek, elektr ta'minotidagi muammolar hukumat darajasida hal qilinishiga umid bildirgan.

«Tuman hokimi sifatida shaxsan men ham shu tumanda yashayman. Mavjud holat tufayli hokimiyat binosida ham elektr ta'minoti yo‘q.

Qadrli tumandoshlar! Otalar, onalar, opa-singillar, aka-ukalar! Tumanda chiroq bo‘lmasligidan tuman rahbariyati uchun hech qanday manfaat yo‘q. Balki, bir muammomiz ikkita va undan ko‘pga ortadi. Biz ahvol o‘nglanishi bo‘yicha harakatimizni bir zum ham to‘xtatmaymiz. Tez orada hukumat darajasida bu holat bartaraf etilishiga ishonamiz.

O‘ylaymizki, Siz hurmatli fuqarolar, bu vaqtinchalik qiyinchilik hal etilguniga qadar vaziyatni tushungan holatda baholab, ichki imkoniyatlardan boricha foydalanishga harakat qilasiz. Albatta, umid qilamizki, tumanimizda ham elektr ta'minoti tez orada izga tushadi», – degan Alisher Zokirov.

Avvalroq, «Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari» AJ Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasidagi har birining quvvati 900 MVt bo‘lgan ikkita energoblok to‘xtaganligi sababli Qashqadaryo viloyatining ayrim hududlari qisman, Qamashi, Yakkabog‘, Shahrisabz tumani, Shahrisabz shahri, Kitob tumanlari esa elektr ta'minotidan to‘liq uzilganini ma'lum qilgan edi.

Top