21:23 / 06.01.2021
5627
Senat qonunlar matnini nega e'lon qilmaydi? Senator javobi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qabul qilayotgan qonunlar matni jamoatchilikka e'lon qilinmasligi e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Shu sababli Senat quyi palatadan kelib tushgan qonunni ma'qullashi uchun avval uning matnini e'lon qilish shartini qo‘yishi mumkinmi?

Kun.uz muxbiri Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartish mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shunday savol bilan Senatning Sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Cho‘lliyevga murojaat qildi.

«Fikrimcha, Qonunchilik palatasi imkon qadar qonunlar matnlarini e'lon qilib boryapti. Qolaversa, qonun tashabbuskorlari loyihani Qonunchilik palatasiga kirgizguncha ham e'lon qilishadi.

Qonunlarni ko‘pincha bizga taqdim qilish vaqti cho‘zilib ketadi. Masalan, 5 yanvar kuni uchinchi o‘qishda qabul qilingan qonunni 20 kundan keyin ham taqdim qilishi mumkin. Sababi, ularda matn ustida ishlov jarayoni davom etadi.

Ularning ichki «kuxnya»siga aralashmoqchimasman-u, o‘zimning shaxsiy fikrim: qonun matnini bizga taqdim qilguncha e'lon qilish murakkabliklar tug‘dirsa kerak.

Ikkinchi masala: Qonunchilik palatasi hech bo‘lmaganda, bizga taqdim qilish jarayonida jamiyatga, fuqarolarning huquqlariga oid yoki budjet bilan bog‘liq qonunlarni e'lon qilib borishi maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman. Bu shaxsiy fikrim», – dedi senator.

Kun.uz muxbirining: «Qonunchilik palatasi qabul qilgan qonunlar Senatga kelib tushganida, Senat ularning matnini e'lon qilib bora oladimi?» degan savoliga Shuhrat Cho‘lliyev quyidagicha javob berdi.

«Konstitutsiya yoki boshqa qonunlarga e'tibor qaratgan bo‘lsangiz, Senat kelib tushgan qonunni yo ma'qullaydi, yo rad qiladi.

Agarda Qonunchilik palatasi bizga taqdim qilgan qonunni o‘zining saytida e'lon qiladigan bo‘lsa, ushbu matn bilan davlatimiz rahbari tomonidan imzolanib, e'lon qilingan qonunning matni bir xil bo‘lishi shart va bu jarayonda Senatga kelib tushgan qonunni Senat tomonidan e'lon qilishga hojat yo‘q.

Senatga kelib tushgan qonunni e'lon qilishga taqiq ham yo‘q, bunday vakolatimiz ham yo‘q.

Demoqchimanki, biz qonunni o‘zgartirishga vakolatimiz bo‘lmaganidan keyin, bizdagi qonun hali kuchga kirmagan hisoblanadi. Uni e'lon qilish maqsadga muvofiq emas, deb hisoblayman. Sababi, bizga kelib tushgan qonunlar oylar davomida ham o‘rganilishi mumkin. Hali kuchga kirmagan qonunni e'lon qilib qo‘ysak, menimcha, tushunmovchiliklarga olib keladi», – dedi Cho‘lliyev 5 yanvar kungi matbuot anjumanida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 15-marta o‘zgartish kiritilmoqda. Bu o‘zgarishlar sudlarning tashkiliy tuzilmasidagi yangiliklar bilan bog‘liq.

Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritilishi haqidagi qonun matni e'lon qilinmagani muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Shundan so‘ng, odatda qonunlar matnini e'lon qilmaydigan Senat «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun matnini chop etdi.

Qonun 6 yanvar kuni yuqori palata yalpi majlisida ma'qullandi. Hujjat prezident imzolab, rasman e'lon qilingan kundan kuchga kiradi.

Top