Oliy Majlis Senati saytida «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun matni e'lon qilindi.

Asosiy o‘zgartirish Konstitutsiyaning 107-modda 1-qismi — sud tizimiga taalluqli. Bu qism quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«O‘zbekiston Respublikasida sud tizimi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma'muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma'muriy sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari va tumanlararo ma'muriy sudlardan iboratdir».

Ushbu o‘zgartirish O‘zbekiston prezidentining 24 iyuldagi «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra kiritilayotgan bo‘lib, unga ko‘ra, 1 yanvardan boshlab sud tizimiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi lozim.

Shuningdek, 117-modda 8-qismining o‘zbekcha matnidagi «qonunlarga» degan so‘z «qonun hujjatlariga» degan so‘zlar bilan almashtiriladi.

Vazirlar Mahkamasi hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtiradi va davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqib bekor qilishni ta'minlaydi.

Ma'lum qilinishicha, ushbu qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2020 yil 24 noyabrda qabul qilingan va ayni vaqtda parlament yuqori palatasining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ishchi guruhi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Lekin «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida»gi qonunning 15-moddasiga zid ravishda birinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihasi matni palata rasmiy saytida e'lon qilinmagan edi.

Deputat Rasul Kusherbayev bu o‘zgarishlardan maqsad – fuqarolarning sudma-sud sarson bo‘lib yurishiga barham berib, ularning muammosini bir joyda hal qilish, sud tizimini boshqarish masalalarini takomillashtirib, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarni tashkiliy, moliyaviy va moddiy-texnik ta'minlash ishini yaxshilash ekanligini aytgan edi.