08:31 / 08.01.2021
10997
Tramp saylovlar natijalarining qayta ko‘rib chiqilishiga erisha olmaganini tan oldi
Foto: EPA/Vostock-photo

AQSh prezidenti Donald Tramp uning shtabi prezident saylovlari natijalari bo‘yicha da'volashish uchun barcha huquqiy imkoniyatlardan foydalangani, biroq endi murosa qilish vaqti kelganini aytdi. U endilikda hokimiyatning saylangan prezident Jo Baydenga ravon o‘tishini ta'minlashga o‘z e'tiborini qaratishga va'da bergan.

“Biz jadal saylovlardan o‘tdik va hissiyotlar juda yuqori bo‘ldi. Biroq endi hovurdan tushib, tinchlikni tiklash lozim”, deb aytgan Tramp tvitterda uzatilgan chiqishida.

U o‘z shtabining “Amerika demokratiyasini himoyalash”ga barcha urinishlariga qaramay, kongress saylovlar natijalarini tasdiqlagani va 20 yanvarda hokimiyatga yangi ma'muriyat kelishini ta'kidlab o‘tgan. 

“Endilikda e'tiborimni hokimiyatning ravon, tartibli o‘tishini ta'minlashga qarataman”, deb qo‘shimcha qilgan AQSh prezidenti.  

U o‘z tarafdorlariga ularning “g‘aroyib sayohatlari endi boshlanayotganiga” va'da bergan va ularni “ajoyib” deb atagan. 

“Men shuni bilishingizni istardim, bizning g‘aroyib sayohat endi boshlanmoqda. Rahmat. Sizni va Amerikani Tangri panohida asrasin”, deb aytgan Tramp.

Shu bilan birga, Tramp 6 yanvarda saylovlar natijalarining tasdiqlanishi vaqtida Kapitoliyda yuz bergan tartibsizliklarni qoralagan va aybdorlar jazolanishiga va'da bergan.

“Men barcha amerikaliklar kabi zo‘ravonlik, qonunsizlik va uyushtirilgan rasvogarchilikdan achchiqdaman”, deb qo‘shimcha qilgan Oq uy rahbari.

6 yanvarda Tramp tarafdorlari kongressning Vashingtondagi binosiga bostirib kirishgan va tartibsizliklar uyushtirishgan. O‘sha vaqtda Kapitoliyda saylovlar natijalarini tasdiqlash bo‘yicha yig‘ilish o‘tayotgan bo‘lgan. Shundan keyin yig‘ilish to‘xtatilib, kongressmenlarning bir qismi binodan evakuatsiya qilingan. Tartib o‘rnatilgach, kongress Jo Baydenning g‘alabasini tasdiqlagan. Uning inauguratsiyasi 20 yanvarga o‘tkazilishi belgilangan.

Top