18:20 / 10.01.2021
65704
Jizzaxda ko‘p qavatli uyning bir qismi qulab tushdi

10 yanvar kuni soat 17:10da Jizzax shahridagi «Zilol» mahallasi Mustaqillik ko‘chasida yangidan qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan biri qulab tushgan.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, hozirda voqea joyiga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, ichki ishlar va tibbiyot xodimlari yetib borishgan.

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Farrux Abdurahmonovning ma'lum qilishicha, foydalanishga topshirilmagan mazkur bino 6 qavatli bo‘lib, xususiy tadbirkor tomonidan ustki 4 qavati turarjoy, dastlabki 2 qavati noturarjoy sifatida qurilayotgan bo‘lgan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, voqea natijasida jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, hozirda qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilmoqda.

Bosh prokuraturadan ma'lum qilishlaricha, binodagi 240 kv.m.dan iborat bo‘lgan 7 ta xonadon qulab tushgan. Jizzax viloyati prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda.

Voqea yuzasidan Kun.uz  muxbiri o‘rganish olib bormoqda, to‘liq tafsilotlar bilan tanishtirib boramiz.

Mavzu
Jizzaxda 6 qavatli bino qulashi
2021 yil 10 yanvar kuni Jizzax shahrida yangi qurilib, hali foydalanishga topshirilmagan ko‘p qavatli uy qulab tushdi.
Barchasi
Top