09:34 / 13.01.2021
9677
Prokurorlarning barcha iqtisodiy sud majlislarida ishtirok etish huquqi bekor qilindi

“Sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi. 

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, qonun bilan Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. 

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ishlarni nazorat tartibida ko‘rish instansiyasi tugatildi.

Investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarning iqtisodiy sudlarga taalluqli ekanligi belgilandi. 

Ishlar investitsiyaviy nizo bo‘yicha yirik investorning, raqobatga oid ish bo‘yicha taraflarning xohishiga ko‘ra Oliy sud tomonidan ko‘riladi.

Prokurorlarning barcha iqtisodiy sud majlislarida ishtirok etish huquqi bekor qilindi. Endilikda prokuror faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda yoki prokurorning da'vo arizasi bilan qo‘zg‘atilgan ishlardagina ishtirok etishi mumkin.

Biznes ombudsmanga hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berish huquqi berildi.

Bundan tashqari, Oliy sud sudyasi kassatsiya shikoyati bo‘yicha iqtisodiy suddan ishni talab qilib olishga haqli ekanligi belgilandi. 

Nazorat instansiyasi bekor bo‘lgan bo‘lsa-da, kassatsiya tartibida ko‘rilgan ish takroran ko‘rilishi mumkin.

Top