08:05 / 18.01.2021
25929
AQShning 4ta shtati parlamenti binolari yonida qurollangan kishilar to‘plandi 
Foto: AP

AQShning Ohayo, Texas, Oregon va Michigan shtatlari Kapitoliy binolari yonida qurollangan namoyishchilar to‘plandi. Michiganda parlament binosi yonida bir necha o‘nlab qurollangan kishilar kuzatilgan.

Avvalroq amerikalik senatorlar Jo Baydenning inauguratsiyasi kuni amaldagi prezident Donald Tramp tarafdorlari Vashingtondagi Kapitoliyga bostirib kirishni rejalashtirayotganlaridan ogohlantirishgan.

16 yanvarda Kapitoliyga kirishga uringan qurollangan erkak qo‘lga olingan. Erkak virjiniyalik Uesli Alan Biler ismli shaxs bo‘lib chiqqan. Politsiyachilar uning yonida to‘pponcha, 500tadan ko‘proq o‘q va miltiq topishgan.  

Baydenning prezident kursisiga o‘tirishi arafasida Vashingtonda favqulodda vaziyat rejimi kiritildi. Bunga esa 6 yanvarda Tramp tarafdorlari Vashingtondagi Kapitoliyga bostirib kirishmoqchi bo‘lishgani sabab hisoblanadi. Namoyishchilarning politsiya bilan to‘qnashuvlarida 4 kishi, jumladan bir politsiyachi halok bo‘lgan.

20 yanvarda Vashingtonda Baydenning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tadi. Hozirda shaharning Oq uyga va kongressga yondosh katta qismi o‘rab olingan. Tartibni saqlashga 25 minggacha harbiyni jalb qilish rejalashtirilmoqda.  

Top