17:08 / 18.01.2021
3602
Ta'lim va tibbiyot sohasini nazorat qiluvchi parlament komissiyasi tashkil etilmoqda

Komissiya yoshlarning bilim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlarni o‘z vaqtida samarali amalga oshirilishi ustidan ta'sirchan nazorat olib boradi.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Qonunchilik palatasida ta'lim va tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish borasidagi islohotlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha parlament va deputatlar nazoratini amalga oshiruvchi parlament komissiyasi tashkil etilmoqda.

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, tashkil etiladigan parlament komissiyasi yoshlarning bilim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlarni o‘z vaqtida samarali amalga oshirilishi ustidan ta'sirchan parlament nazoratini olib boradi.

Jumladan, parlament komissiyasining har bir a'zosi aniq ixtisosligi nuqtayi nazaridan tegishli hududlarga mas'ul etib biriktirilib, ular o‘z faoliyatini asosan joylarda amalga oshirishi ta'minlanadi. 

Natijada, hududlarda muntazam ravishda o‘tkazilgan o‘rganish va monitoring ishlari mahalliy kengashlarda mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari bilan birgalikda atroflicha va tanqidiy ruhda muhokama qilinadi. Joylarda olib borilgan nazorat tadbirlari natijasi kamida bir oyda bir marta parlament komissiyasi yig‘ilishida muhokama etiladi.

Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirovning ma'lum qilishicha, ta'lim-tarbiya sohasidagi islohotlar samaradorligini ta'minlash, ta'sirchan parlament nazoratini tashkil qilish bo‘yicha parlament komissiyasi faoliyatini muvofiqlashtirish «Milliy tiklanish» DP va «Adolat» SDP fraksiyalari tomonidan amalga oshiriladi.

Bugun Qonunchilik palatasi spikeri N.Ismoilov va bosh vazir o‘rinbosari B.Musayev ishtirokida ushbu komissiyaning dastlabki yig‘ilishi o‘tkazilishi belgilangan.

Top