20:02 / 19.01.2021
4292
Hindistonda koronavirusga qarshi emlanganlarning ikki nafari vafot etdi

Mamlakatda ommaviy emlash kampaniyasi 16 yanvarda boshlandi. Uch kun ichida 381,3 ming kishi emlangan bo‘lib, 580 kishida nojo‘ya ta'sirlar kuzatilgan.

Foto: PTI Photo

Hindistonda koronavirusga qarshi mahalliy vaksina bilan emlangan ikki kishi vafot etdi. Bu haqda India Today nashri xabar berdi.

Xabar qilinishicha, jami 580 nafar kishida vaksinaning nojo‘ya ta'sirlari kuzatilgan bo‘lib, bu asosan harorat ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi va bosh og‘rishi bo‘lgan. Yetti kishi og‘ir asoratlar bilan shifoxonaga yotqizilgan, ularning ikki nafari vafot etgan.

Hukumatning bildirishicha, vafot etganlardan birining o‘limi vaksina bilan bog‘liq emas. Ikkinchisining o‘limi sabablari aniqlanmoqda.

Aniqlik kiritilishicha, vafot etgan shaxs Murodobod shahridagi shifoxona xodimi bo‘lib, u emlangan kunining ertasiga vafot etgan. Qarindoshlarining so‘zlariga ko‘ra, u vaksinatsiyadan avval ham o‘zini yomon his etayotgan bo‘lgan.

Ikkinchi o‘lim holati Bellari shahrida qayd etilgan. Uning o‘limiga infarkt sabab bo‘lgani aytilmoqda.

The Times of India nashrining yozishicha, mamlakatda ommaviy emlash kampaniyasi 16 yanvarda boshlandi. Uch kun ichida 381,3 ming kishi emlangan bo‘lib, 580 kishida nojo‘ya ta'sirlar kuzatilgan.

 Mamlakatda AstraZeneca kompaniyasining Covishield va Bharat Biotech kompaniyasining Covaxin vaksinalaridan foydalanishga ruxsat berilgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top