16:14 / 20.01.2021
11086
Bayden prezidentligining ilk kunida qanday farmonlarni imzolashi ma'lum qilindi

Jozef Bayden AQShning Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan chiqish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilish hamda Qo‘shma Shtatlarni Iqlim bo‘yicha Parij shartnomasiga qaytarish to‘g‘risidagi farmonlarni imzolaydi.

Foto: Getty Images

AQShning saylangan prezidenti Jozef Bayden prezidentlik lavozimining birinchi kunidayoq qator farmonlarni imzolashni ko‘zda tutmoqda. Bu haqda Baydenning o‘tish jamoasi saytida ma'lum qilindi.

Ma'lumot berilishicha, Jozef Bayden jumladan, AQShning Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan chiqish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilish hamda Qo‘shma Shtatlarni Iqlim bo‘yicha Parij shartnomasiga qaytarish to‘g‘risidagi farmonlarni imzolaydi.

"Saylangan prezident nafaqat Tramp ma'muriyati yetkazgan jiddiy zararni kamaytirish, balki mamlakatimizni olg‘a boshlash uchun ham choralar ko‘radi", - deyiladi bayonotda.

Donald Tramp o‘tgan yil 29 mayda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini Xitoyning to‘liq nazorati ostida ekanlikda ayblab, AQShning tashkilotdan chiqib ketishini aytgandi. Qo‘shma Shtatlar BMTga 2021 yil 6 iyuldan JSSTdan chiqib ketishini ma'lum qilgan.

Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvi 2015 yil 12 dekabrda imzolangan. Tramp 2018 yilda ushbu kelishuv Amerika iqtisodiyotini sekinlashtirganini aytib, kelishuvdan chiqishga qaror qilgandi.

Top