10:24 / 20.01.2021
5482
Vashingtonga inauguratsiya vaqtida tartibni ta'minlash uchun 25 ming gvardiyachi keldi
Foto: TASS

AQSh poytaxti Vashingtonga 20 yanvarda Jo Baydenning inauguratsiyasi vaqtida tartibni ta'minlash uchun Milliy gvardiyaning 25 ming xizmatchisi keldi. Bu haqda Milliy gvardiya byurosi rahbari general Deniyel Xokanson ma'lum qildi. 

“Harbiylar ular oldiga qo‘yilgan har qanday vazifani bajarishga tayyor”, deb ta'kidlab o‘tgan general.

Xokanson harbiylar qurollanganini tasdiqlagan. Uning aytishicha, bunday qaror huquq-tartibot idoralari ko‘rsatmasiga binoan qabul qilingan.

Poytaxtga AQShning barcha 50 shtati va hududidan gvardiyachilar, texnika va yuklarni yetkazish uchun 150dan ko‘proq aviareys amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, tartibni ta'minlashga Kolumbiya okrugi politsiyasining butun shaxsiy tarkibi – 5,8 ming kishi jalb qilingan. 

Vashingtonda inauguratsiya arafasida radiatsion, kimyoviy va biologik himoya bo‘linmalari joylashtirilib, ular ommaviy qirg‘in qurollari qo‘llanishi bilan bog‘liq holatlarga javob berishga shay holga keltirilgan. Shuningdek, ushbu maqsadda Atlantika zarbdor guruhi kabi maxsus otryadlar ham jalb qilingan.  

Inauguratsiya vaqtida xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha amaliyotga AQSh maxfiy xizmati boshchilik qiladi. Bundan tashqari, amaliyotga FQBning ko‘p sonli agentlari jalb qilingan. 

Bu orada Vashington markazi to‘liq o‘rab olingan. Barcha davlat muassasalari binolari qo‘riqlanishi kuchaytirilgan. Vashingtonning markaziy tumanlaridagi metro stansiyalari yopilgan. Potomak daryosidan o‘tuvchi bosh ko‘priklar ham to‘silgan. Bundan tashqari, AQSh sohilbo‘yi qo‘riqlash xizmatining bir necha o‘n kateri yopilgan tumanlarga suv orqali kirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Potomak va Anakostiya daryolarini patrul qilmoqda.

Shuningdek, shubhali suzish moslamalarini ko‘zdan kechirish uchun masofadan boshqariluvchi robotlar qo‘llanmoqda. Portlovchi moddalarni izlash uchun xizmat itlari jalb qilingan.

Potomak daryosi bo‘yida kimyoviy, biologik va radiatsion hujum holatida yuqori mansabdor shaxslarga birinchi yordam ko‘rsatuvchi xodimlarni dezaktivatsiyalash qurilmalari o‘rnatilgan ko‘k rangli chodirlar joylashtirilgan.

Top