12:23 / 20.01.2021
5883
Yunusobod markazidagi mahalla chiqindixonaga aylanib qolmoqda. Mas'ullar esa jim

Yunusobod tumani Shahriston ko‘chasida noodatiy «chiqindixona»lar, hatto qamishzor paydo bo‘lgan. Aholi murojaatlariga qaramay, uzoq vaqtdan beri bu xunuk manzarani bartaraf etishga mas'ullarning parvoyi palak.

Kun.uz muxbiri tahririyatga kelib tushgan murojaat yuzasidan Yunusobod tumani Shahriston ko‘chasida bo‘ldi. Ma'lumot uchun, Shahriston ko‘chasi – Markaziy Osiyodagi eng baland inshoot, poytaxtning tashrif qog‘ozlaridan biri – Toshkent teleminorasining yonginasida joylashgan.

Shu ko‘chadagi 89- va 91A-uylar oralig‘ida, odamlar serqatnov va gavjum bo‘lgan yo‘l ustida 2ta o‘ziga xos «chiqindixona» hosil bo‘lgan.

89-uyning yon tomoni ham axlatxonaga aylantirilgan. U yerga daraxtlarning shox-shabbalari-yu, qurilish materiallari chiqindilari to‘kib ketiladi.

Mahalliy aholiga ko‘ra, hudud har yarim yilda bir hashar yo‘li bilan tozalab turiladi, ammo insofsiz kishilar bu joyni ifloslantirishda davom etmoqda. Poytaxt markaziga yaqin joyda kichik qamishzorni ko‘rish mumkin.

Uyning orqa tomoniga esa boshqa hududdagi qurilish kotlovanidan qazib olingan tuproq olib kelib to‘kib ketilgan. Natijada sun'iy tuproqtepaliklar hosil bo‘lgan.

Uy oldiga allaqanday bino uchun «fundament» qo‘yilgan bo‘lib, u nima ekani, kim va nima maqsadda qilgani ma'lum emas. Ko‘p qavatli uylar oldiga kirish yo‘lagi katta yuk mashinalarining «parkovkasi»ga aylantirilgan. Buning hisobiga yo‘l o‘ydim-chuqur bo‘lib ketgan.

Bu muammolardan shu yerda yashovchi aholi aziyat chekmoqda. Bolalar o‘ynab-kulishi uchun normal sharoitga ega joyning o‘zi yo‘q.

Fuqarolar mahalliy hokimlik va boshqa mas'ul idoralarga ko‘p bora murojaat qilganlarini, ammo shu vaqtgacha masalaning yechimi haqida jo‘yali bosh qotirilmaganini aytishmoqda.

Fuqarolar endilikda tumanga yangi hokim etib tayinlangan Jahongir Ibrohimovdan umid qilishmoqda.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top