O‘zbekiston | 17:34 / 16.04.2024
11683
4 daqiqa o‘qiladi

“Yunusobod tumani hokimi bildirgan takliflarni mutlaqo qo‘llab-quvvatlamaymiz” – Toshkent kimyo-texnologiya instituti

Yunusobod tumani hokimi Bahodir Abduvaliyev Kimyo-texnologiya litseyi 30 foiz quvvatda ishlayotganini, 70 foizi bo‘sh bo‘lgani sabab hududdagi 3 ta yer uchastkasi sotilishini ma’lum qilgandi. Toshkent kimyo-texnologiya instituti raddiya bildirdi. Qayd etilishicha, hozirda litseyning binolari quvvatidan to‘liq foydalanilmoqda. Hokim “o‘lik va foydalanilmayotgan hovuz” deb atagan hududda talabalar uchun yotoqxona qurilishi belgilangan.

9 aprel kuni Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqovning Yunusobod tumaniga tashrifi chog‘ida tuman hokimi Bahodir Abduvaliyev hududda joylashgan Toshkent kimyo-texnologiya instituti qoshidagi akademik litsey negizida qaytadan maktab tashkil etishni taklif qilgandi. U 2007 yilda 960 o‘rinli maktab binosi akademik litseyga berilgani, ammo shunga qaramay, u atigi 30 foiz quvvat bilan ishlayotganini ta’kidlagandi.

Toshkent kimyo-texnologiya instituti bunga raddiya bildirdi. Institut matbuot kotibi Egamnazar Abulboqiyevning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, tuman hokimining bu akademik litseyga tashrif buyurgani haqida hech qanday ma’lumotlar mavjud emas, hozirda ta’lim muassasasining binosi to‘liq quvvatda ishlab kelmoqda.

Qayd etilishicha, Yunusobod tumani 3-mavze 7-uy manzilida joylashgan Toshkent kimyo-texnologiya institutining akademik litseyi umumta’lim maktablari normativlariga muvofiq 1974 yilda barpo etilgan. Uning har bir sinf xonasida o‘rtacha 35 nafar o‘quvchi joylashishi hisobga olingan holda 960 o‘rinli maktab sifatida tashkil etilgan.

Mazkur binoning bir qismi (o‘rtadan to‘silgan va boshqa tomondan darvoza ochilgan holda) Yunusobod tumani 13-son bolalar musiqa va san’at maktabiga berilgan.

Akademik litsey uchun belgilangan normativlarga ko‘ra, har bir o‘quv xonasida o‘rtacha 26 nafar o‘quvchi joylashishi hisobiga binoning akademik litsey faoliyat ko‘rsatayotgan qismi bugungi kunda 400 o‘rinni tashkil etadi. [Shuning uchun binoda] ayni vaqtda 268 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Bundan tashqari, respublika hududlaridan kelgan o‘quvchilar uchun 120 o‘rinli yotoq joyi ham tashkil etilgan va hozirgi vaqtda mavjud binolarning quvvatidan to‘liq foydalanib kelinmoqda”, – deyiladi izohda.

Ta’kidlanishicha, hokim Bahodir Abduvaliyev aytib o‘tgan litseyning “o‘lik va foydalanilmayotgan hovuz” hududida Toshkent kimyo-texnologiya instituti talabalari uchun yotoqxona qurish belgilangan. Bu tashabbus 2023 yilda Toshkent shahar hokimi huzurida muhokama qilingan va shahar hokimligi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Bu hudud Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 6 iyuldagi tegishli qaroriga muvofiq doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilayotgan yer maydonlari ro‘yxatiga kiritilgan hamda mazkur yer uchastkasi hududida Toshkent kimyo-texnologiya instituti uchun talabalar turar joyini qurish belgilangan.

Bugungi kunda Vazirlar Mahkamasining qarori asosida ushbu hududda talabalar turar joyini qurish bo‘yicha tashkiliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, vakolatli idoralarning tegishli xulosalari berilgandan so‘ng loyihalash va qurish ishlari belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Shu bois, Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yunusobod tumani hokimi tomonidan bildirilgan takliflarni mutlaqo qo‘llab-quvvatlamaydi va bu kabi takliflarni ommaga ma’lum qilishdan oldin holatni har tomonlama puxta o‘rganib chiqishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi”, – deyiladi institut bergan munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, Abduvaliyev litsey hududidagi 27,5 sotixli uchta bo‘sh yer uchastkasini “o‘lik va foydalanilmayotgan hovuz” deb atab, uning auksion orqali sotilishini hamda shu yo‘l bilan 22,5 mlrd so‘m (1 sotix uchun 65 ming dollar) jalb qilinishi kutilayotganini ma’lum qilgandi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov yuqoridagi masalaga e’tibor qaratib, sotib yuborilgan maktab yerlarini qaytarish o‘rniga qolganini ham sotish tendensiyasi yangi to‘lqin bilan davom etishidan xavotir bildirgandi.  

U ta’lim muassasasi yerlari faqatgina ta’lim uchun foydalanilishi kerakligini ta’kidlagandi.

Mavzuga oid