Iqtisodiyot | 19:11 / 22.01.2021
8613
2 daqiqa o‘qiladi

O‘tgan yili oltin eksportning katta qismini tashkil etdi

2020 yilning yanvar-dekabr oylari yakunlari bo‘yicha respublika tashqi savdo aylanmasidagi eksport hajmining 38,3 foizini oltin egallagan.

Foto: Lisi Niesner/Bloomberg Markets

Davlat statistika qo‘mitasi axborotiga ko‘ra, tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi 15,2 milliard AQSh dollarini tashkil qilgan. Shundan 5 milliard 804 million AQSh dollarini (38,3 foiz) oltin tashkil qilgan. O‘tgan yil davomida oltin eksport qilish 2019 yilning mos davriga nisbatan 18 foizga oshgan. 2020 yil eksportida oltin inobatga olinmasa, mos ravishda respublika tashqi savdosidagi eksport hajmi 25,7 foizga (oltinni hisoblaganda 13,4 foizga) kamaygan, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lumot uchun, 2019 yilda oltin eksporti 4 milliard 918 million AQSh dollarini tashkil qilgandi.

Qo‘mita axborotida 2020 yil iyul hamda avgust oylarida oltin eksportining oshgani qayd etilgan.

2020 yil avgust oyi boshida oltin narxi tarixda ilk marta unsiyasi uchun 2000 dollardan oshib, rekord darajada – 2067 dollarga ko‘tarilgandi.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov o‘shanda O‘zbekiston «ko‘p oltin sotib yuborgani» haqidagi gaplarga munosabat bildirib, bu MBning normal funksional vazifalaridan biri ekanini ta'kidlagandi.

«Biz oltin-valuta zaxiramiz tarkibini o‘zgartirib turish vakolatiga egamiz va buni mustaqil ravishda ajratamiz. Agar oltin narxi jahon bozorida tushib ketadigan bo‘lsa va biz kelgusida oltin narxi oshishini kutayotgan bo‘lsak, oltinni sotmasligimiz ham mumkin», – degandi Nurmuratov.

O‘zbekiston 2020 yil avgust oyida rekord darajada oltin sotgach, ushbu qimmatbaho metallni sentyabr oyida deyarli eksport qilmagan.

Oltin eksportining ko‘pligiga qaramay, 2020 yil boshida 29,1 milliard dollarni tashkil etgan O‘zbekiston xalqaro zaxiralari yil yakuniga kelib, 34,9 milliard  dollarga yetgani ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid