17:41 / 22.01.2021
32839
O‘zbekistonda erkaklar ko‘pmi yoki ayollar?

2021 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda erkaklarning soni ayollarga qaraganda 200 ming kishiga yoki 0,7 foizga ko‘proq.

Davlat statistika qo‘mitasi tarqatgan ma'lumotga ko‘ra, 2021 yilning 1 yanvar holati bilan O‘zbekiston aholisi orasida erkak soni ayollarga nisbatan ko‘pchilikni tashkil etgan. Umumiy aholi orasida erkaklarning ko‘payishi o‘tgan yildan buyon davom etmoqda.

Statqo‘m hisobotida ta'kidlanishicha, joriy yil boshida O‘zbekiston doimiy aholisi 34,6 million kishini tashkil etdi. Shundan erkaklar soni 17,4 million (50,3 foiz) kishi, ayollar soni 17,2 million (49,7 foiz) kishi ekanligi qayd qilingan.

Avvalroq, O‘zbekistonning demografik holati bo‘yicha ma'lumotlar e'lon qilingandi. Unda 2020 yilda 841,8 ming bola tug‘ilganligi qayd etilgan va bu mos ravishda 1000 aholiga nisbatan tug‘ilish koeffitsiyenti 24,6 promilleni tashkil etganligi ma'lum qilingandi.

Shuningdek, respublikada 2020 yilda qayd etilgan oilaviy ajrimlar haqida ham ma'lumot berilgandi.

Ma'lumot uchun, 2020 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, aholining 50,2 foizini erkaklar, 49,8 foizini ayollar tashkil etgan.

Top