O‘zbekiston | 17:19 / 18.01.2021
46378
3 daqiqa o‘qiladi

2020 yili O‘zbekiston aholisi orasida kuzatilgan o‘lim va uning sabablari ma'lum qilindi

Statqo‘m O‘zbekistonning demografik holati bo‘yicha ma'lumotlarni e'lon qildi. Unda 2020 yilda kuzatilgan o‘limlar va uning sabablari ham keltirilgan.

Foto: Motortion Films / Shutterstock

Davlat statistika qo‘mitasi 2020 yilgi O‘zbekiston Respublikasining demografik holati bo‘yicha dastlabki ma'lumotlarni e'lon qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Statqo‘m ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, 34 million 558,9 ming kishini tashkil etadi. Jumladan, shahar aholisi soni 17 million 487,5 ming kishini (jami aholi sonidagi ulushi 50,6 foiz), qishloq aholisi soni 17 million 71,4 ming kishi (49,4 foiz)ni tashkil etdi.

Ta'kidlanishicha, 2020 yilda 841,8 mingta bola tug‘ilganligi qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan tug‘ilish koeffitsiyenti 24,6 promilleni tashkil etdi hamda 2019  yilga nisbatan 0,3 promillega oshganligi kuzatildi (2019  yilda 24,3 promilleni tashkil etgan).

Ma'lumot uchun, tirik tug‘ilganlik mezonlaridan (nafas, yurak urish, kindik pulsatsiyasi, muskullarning beixtiyor qisqarishi) biri mavjud bo‘lsa, bola tirik tug‘ilgan hisoblanadi. Bunda onaning homiladorlik muddati 22 hafta va undan ortiq, bolaning bo‘yi 25 sm va undan ortiq, vazni 500 gramm va undan ortiq bo‘lishi lozim.

Respublika hududlari kesimida tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, hududlarning respublika jami aholisi sonidagi ulushi bo‘yicha eng ko‘p ko‘rsatkich Samarqand viloyatida 11,4 foizni, keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati 11,1 foizni, Qashqadaryo viloyati 9,7 foizni va Andijon viloyati 9,2 foizni tashkil etgan.

Joriy yil boshiga ko‘ra, respublika doimiy aholisi sonining 31,0 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar, 58,2 foizi mehnatga layoqatli yoshdagilar va 10,8 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kattalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Hisobotda 2020 yilda 175,6 mingta o‘lim qayd etilgani ma'lum qilindi. Unga ko‘ra 2020 yilda 21 ming «ortiqcha o‘lim» qayd etilgan - 2019 yilda o‘lim holatlari soni 154,6 mingtani tashkil etgan. Shunda, har 1000 aholiga o‘lim koeffitsiyenti 5,1 promilleni tashkil etgan hamda 2019 yilga nisbatan 0,5 promillega oshganligi kuzatildi (2019 yilning yanvar-dekabr oylarida 4,6 promille bo‘lgan).

 

Ta'kidlanishicha, 2020 yilda qayd etilgan o‘lim holatining 60,0 foizi – qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 8 foizi – o‘simtalardan, 7,2 foizi – nafas olish a'zolari kasalliklaridan, 4,4 foizi – ovqat hazm qilish a'zolari kasalliklaridan, 4,4 foizi – baxsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 4,4 foizi – yuqumli va parazitar kasalliklardan hamda 11,6 foizi – boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Mavzuga oid