20:18 / 25.01.2021
60709
Putin unga tegishli ekani aytilgan saroy haqidagi surishtiruvga munosabat bildirdi
Foto: TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin rossiyalik talabalar bilan onlayn muloqotda qatnashdi. Muloqot davomida talabalardan biri Putinga uning Gelenjikda saroyi bor yoki yo‘qligi haqida savol berdi. Oldinroq muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy Putinning Gelenjikda saroyi borligi haqida deyarli ikki soatlik surishtiruv e'lon qilgandi. Siyosatchining kanalidagi bu video e'lon qilinganidan 6 kun o‘tib hozirgacha 87 million martaga yaqin ko‘rilgan.

«Filmni ko‘rganim yo‘q, chunki bunga vaqtim yo‘q. Biroq yordamchilarim menga olib kirgan videoga ko‘z yugurtirdim. U yerda ko‘rsatilgan narsalarning hech biri menga yoki yaqin qarindoshlarimga tegishli emas, tegishli bo‘lmagan ham. Videoda tilga olingan ba'zi odamlarni taniyman, lekin ba'zilarini umuman tanimayman.

Bu ma'lumot 10 yillardan buyon tarqaladi. Agar u rost bo‘lsa, shu vaqt mobaynida qandaydir isbot ko‘zga tashlanishi kerak-ku, to‘g‘rimi? Shunchaki, hozir bu ma'lumotni e'lon qilish uchun qulay imkoniyat deb o‘ylashdi-da, odamlarning boshini qotirishdi. Videoda mening batterflay usulida suzayotganimni ham ko‘rsatishibdi. Ha, men shunday suzganman, lekin videodagi umrimda ko‘rmagan basseynda emas, 2016 yil Yeniseyda.

Videoda vino ishlab chiqarish haqida ham gapirishibdi. Bilasizmi, bu qiziq g‘oya. Vinochilik yaxshi ish va men u bilan shug‘ullangan bo‘lardim. Lekin tadbirkorlik bilan shug‘ullanish menga to‘g‘ri kelmaydi. Biznes meni hech qachon qiziqtirmagan. Bu yaxshi ish, maoshi yaxshi, u orqali iqtisodiyotga foyda keltirish, yangi ishchi o‘rinlari yaratish mumkin, lekin bu ish men uchun emas. Vaholanki, hamkasblarim orasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanganlar bor. Masalan, Tramp taniqli tadbirkor. Yoki bo‘lmasa, Pyotr Poroshenko. U prezidentlik davrida ham ofshor kompaniyalarga pul o‘tkazib, tadbirkorlik qilishda davom etgandi. Yana takrorlayman, men bu ish bilan hech qachon shug‘ullanmaganman», deb yakunlagan Putin berilgan savolga javobini.

Aleksey Navalniyning kanalida 19 yanvar kuni e'lon qilingan surishtiruvda aytilishicha, Krasnodar o‘lkasidagi Gelenjik hududida Putin uchun bir necha yildan buyon saroy qurilmoqda va u uchun allaqachon 1 milliard dollar sarflangan. Navalniy surishtiruv e'lon qilinishidan bir kun avval Rossiyaga qaytgan va shu zahoti hibsga olingandi.

Top