20:52 / 26.01.2021
15295
Davlat soliq qo‘mitasi onlayn nazorat-kassa mashinalari masalasida munosabat bildirdi

Davlat soliq qo‘mitasi onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalarga kafolatli xizmat ko‘rsatganlik uchun oylik to‘lovlarning miqdori 2021 yil boshidan oshirilganligi yuzasidan tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan muntazam ravishda keskin norozilik va shikoyatlar kelib tushayotganini bildirdi.

Texnik xizmat ko‘rsatish markazlariga – mijozlar bilan tuziladigan shartnomalarda «Onlayn-NKM yoki virtual kassaga kafolatli uzluksiz texnik xizmat ko‘rsatish» (abonent to‘lovi)ga nimalar kirishi hamda «bir martalik xizmatlar uchun to‘lov» nima ekanligini aniq belgilashi va konkretlashtirishi tavsiya etiladi, deya munosabat bildirdi Davlat soliq qo‘mitasi.

Qo‘mita munosabatiga ko‘ra, ushbu turdagi to‘lovlarni farqlash kerak, bir xil xizmat uchun ikki marta to‘lovga yo‘l qo‘yilmaydi. 

Tadbirkorlik sub'yektlari davlat reyestriga kiritilgan istalgan turdagi onlayn-NKM yoki virtual kassalarni mustaqil sotib olishi va ushbu qurilmaga xizmat ko‘rsatuvchi ixtiyoriy Texnik xizmatlarni ko‘rsatish markazi (TXKM) orqali davlat soliq xizmati organlaridan ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin.

Qurilmalar va markazlarning reyestrlari DSQning rasmiy veb-saytida mavjud.

TXKMlar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlariga ko‘rsatiladigan xizmatlar narxi tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro tuziladigan shartnoma asosida belgilanadi.

«Davlat soliq qo‘mitasi tadbirkorlik sub'yektlariga yordam berish, shuningdek, TXKM o‘rtasida sog‘lom raqobatni ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga yuqoridagi holatni o‘rganish va tegishli choralarni ko‘rish uchun rasmiy so‘rov yubordi.

Ishlab chiqaruvchilar (importyorlar), shuningdek, texnik xizmat ko‘rsatish markazlari onlayn-NKM va virtual kassa foydalanuvchilarini barqaror va adolatli narxlardagi xizmatlar bilan ta'minlashlari lozim», – deyiladi qo‘mita munosabatida.

Avvalroq qo‘mita departamenti direktori Hayotjon Nasrulloyev onlayn nazorat kassa mashinalarini joriy etish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar yuzasidan Kun.uz muxbiriga qisqa intervyu bergandi.

Unda ham qo‘mita vakili texnik xizmat ko‘rsatish markazlari qaysi turdagi xizmatlarni qanaqa shaklda ko‘rsatishi, tadbirkorlik sub'yektlariga ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun so‘ralayotgan tarif rejalari nima asosida shakllanganiga e'tibor qaratilayotgani haqida ma'lumot bergandi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ONKMga xizmat ko‘rsatish uchun oylik abonent to‘lovi narxi shakllanishi va belgilanishi yuzasidan qo‘mitaga murojaat kelib tushgan. Hozirda mazkur masala o‘rganilmoqda.

Top