20:52 / 29.01.2021
34643
Pensiya tizimida bir qator o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Jamg‘arma rahbari ma'lumot berdi

Yangi tizim yaratish rejasida uch bosqichli pensiya tizimiga o‘tish, minimal pensiya miqdorlarini bosqichma-bosqich oshirib borish, minimal ish stajini bajargan fuqarolarga kafolatlangan pensiya miqdorini ta'minlab berish, pensiya hisoblashda inobatga olinadigan daromadning yuqori chegarasini bosqichma-bosqich oshirib borish ko‘zda tutilmoqda.

Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining ijro etuvchi direktori Abdulaziz Haydarov 29 yanvar kuni AOKAda bo‘lgan matbuot anjumanida yangi pensiya konsepsiyasi loyihasida tizimga kiritilishi kutilayotgan o‘zgarishlar haqida gapirdi.

 

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, konsepsiyada ko‘plab yangiliklar aks etadi.

«Bugungi kunda pensiya konsepsiyasini xalqaro ekspertlar bilan ishlab chiqish jarayoni ketmoqda. Konsultativ maslahatlashuvlar ko‘p bo‘lmoqda. Chunki biz o‘zimizga xos pensiya tizimi yaratish ustida ishlayapmiz. Boshqa davlatlardan ko‘p andoza olmaymiz.

Asosiy kutilayotgan o‘zgarishlardan biri: 3 bosqichli pensiya tizimiga o‘tishni maqsad qilib qo‘yganmiz. Keyingi o‘zgarish – minimal pensiya miqdorlarini bosqichma-bosqich oshirib borish. Bugungi kunda minimal pensiya miqdori kamroq. Yangi tizimga o‘tsak bu, albatta, oshadi», – dedi u.

2020 yil 1 sentyabr holatiga ko‘ra, pensiya hisoblashning bazaviy miqdori 262 ming 470 so‘m etib belgilangan. Ushbu summa pensiyalar, ustamalar, qo‘shimcha to‘lovlar va pensiya ta'minoti sohasidagi, shuningdek, mehnat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq holda xodimlarning mayib bo‘lishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki sog‘lig‘iga boshqacha tarzda shikast yetkazilganda zararni qoplash uchun kompensatsiyalarni hisoblashda qo‘llaniladi.

Jamg‘arma ijrochi direktorining aytishicha, minimal ish stajini bajargan fuqarolarga kafolatlangan pensiya miqdorini ta'minlab berish masalasi o‘rganilmoqda.

«Yana bir o‘zgarish – pensiya hisoblashda inobatga olinadigan daromadning yuqori chegarasini bosqichma-bosqich oshirib borish. Bunda yuqori chegara 10ta minimal ish haqi qilib belgilangan. Buni ham o‘rganyapmiz», – deya qayd etdi u.

2019 yili «Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi qonun 31 moddasiga («O‘rtacha oylik ish haqini aniqlashning umumiy tartibi») o‘zgartish kiritilib, pensiyani hisob-kitob qilish uchun eng kam oylik ish haqining o‘n barobaridan ortiq bo‘lmagan miqdordagi o‘rtacha oylik ish haqi olinishi belgilangan edi. Endilikda ushbu chegara yana pensionerlar manfaati uchun o‘zgartirilishi mumkin.

Bundan tashqari, ish staji talablarini bajargan fuqarolarga muddatdan oldin pensiyaga chiqish masalasini ham ko‘rib chiqilishi aytildi.

«Lekin pensiya yoshini o‘zgartirish masalasi bizning kun tartibimizda yo‘q. Bu haqda hech qanaqa masala qo‘yilmagan», – dedi direktor.  

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2019 yil 21 noyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Moliya vazirligiga 2020 yil 1 aprelga qadar tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgandi.

O‘tgan yili jamg‘arma nufuzli xalqaro moliya tashkilotlari, xususan, Jahon banki, BMT Taraqqiyot dasturi va Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligining ilmiy tadqiqotlar instituti ekspertlarini jalb qilgan holda xorijiy mamlakatlarda pensiya ta'minotini, shu jumladan 3 bosqichli pensiya tizimini tashkil qilish tajribalarini o‘rganayotgani xabar qilingan.

Avvalroq, Pensiya jamg‘armasi O‘zbekiston bo‘yicha pensiya va nafaqa oluvchilar sonini ma'lum qilgan edi. Unda 2020 yilda 333 ming yangi pensiya va nafaqa oluvchilar paydo bo‘lgani, o‘tgan mos davrga nisbatan pensiya va nafaqa oluvchilar 4 foizga oshgani qayd etilgan.

Top