15:02 / 01.02.2021
58392
1 fevraldan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, jarimalar va stipendiyalar miqdori oshirildi

Prezident qaroriga ko‘ra, 2021 yil 1 fevraldan budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda stipendiyalar miqdori 1,1 barobarga (10 foizga) oshirildi.

Shuningdek, 2021 yil 1 fevraldan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (MHTEKM) va bazaviy hisoblash miqdori (BHM) ham 10 foizga ko‘tarildi.

Ilgari MHTEKM oyiga 679 330 so‘m, BHM 223 000 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, endilikda bu miqdorlar mos ravishda 747 300 so‘m va 245 000 so‘m etib belgilandi.

BHM miqdori oshishi ortidan, unga bog‘langan quyidagi to‘lovlar ham oshmoqda:

  • soliqlar;
  • yig‘imlar;
  • jarimalar;
  • davlat bojlari;
  • ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari, tadbirkorlik faoliyatining muayyan turi bilan shug‘ullanish uchun patent (litsenziya) to‘lovlari;
  • BHMga bog‘langan boshqa to‘lovlar.

Bundan tashqari, 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga beriladigan nafaqa miqdori ham 1 fevraldan 10 foizga oshirildi hamda quyidagi miqdorlarda belgilandi:

  • bitta bolali oilalarga – 144 100 so‘m (ilgarigi miqdor – 131 000 so‘m);
  • ikkita bolali oilalarga – 238 700 so‘m (ilgarigi miqdor – 217 000 so‘m);
  • uchta va undan ortiq bolali oilalarga – 334 000 (ilgarigi miqdor – 304 000 so‘m).

Quyidagilar miqdori o‘zgarishsiz qolmoqda:

  • pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 238 610 so‘m;
  • eng kam yoshga doir pensiyalar — oyiga 466 680 so‘m;
  • bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa — oyiga 466 680 so‘m;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa — oyiga 286 390 so‘m;
  • bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa (434 000 so‘m);
  • kam ta'minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam (326 mingdan 653 ming so‘mgacha);
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordam miqdorlari (434 mingdan 1 mln 85 ming so‘mgacha).

Top