08:09 / 04.02.2021
2112
Voyaga yetmagan shaxsni mehnatga majburlaganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda

Qonunchilik palatasining 2021 yil 3 fevral kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida deputatlar voyaga yetmagan shaxslar manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish, ularni majburiy mehnatga jalb qilish hamda voyaga yetmaganlardan shahvoniy maqsadlarda foydalanish holatlariga chek qo‘yish, bunday harakatlarni sodir etganlarning javobgarligini so‘zsiz ta'minlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar.

Qonun loyihasi bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Parlament quyi palatasida joriy etilgan amaliyotga muvofiq qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilish uchun bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari A. Xolmaxmatov ma'ruza bilan chiqib, uni konseptual jihatdan asoslab berdi.

Ta'kidlanganidek, Jinoyat kodeksi o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxsning o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda unga moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish uchun javobgarlikni belgilaydigan modda bilan to‘ldirilmoqda.

Shu bilan birga, mazkur jinoyat obekti sifatida o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxs normal va axloqiy rivojlanayotgani inobatga olinib, jinoyat sub'yekti yoshini 18 yoshdan belgilash taklif etilmoqda.

Qonun loyihasining yana bir muhim jihati shundaki, voyaga yetmagan shaxslar manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish, ularni majburiy mehnatga jalb qilish holatlariga chek qo‘yish maqsadida Jinoyat kodeksiga voyaga yetmagan shaxsni mehnatga biron shaklda ma'muriy tarzda majburlaganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlikni belgilovchi o‘zgartirish kiritilmoqda.

Shuningdek, Jinoyat kodeksida voyaga yetmagan shaxsni O‘zbekistonda g‘ayriqonuniy jamoat birlashmalari va diniy tashkilotlar, oqimlar, sektalar faoliyatida qatnashishga undash uchun   jinoiy   javobgarlik, shu bilan birga, Jinoyat-protsessual kodeksiga qo‘shimcha kiritilib, mazkur jinoyatning tergovi ichki ishlar organiga tegishli ekani belgilanmoqda.

Deputatlarning fikricha, qonun qabul qilinishi majburiy mehnatga to‘liq chek qo‘yilishiga, voyaga yetmagan shaxslarning manfaatlarini ta'minlashga, bu borada O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlari bajarilishiga va shu tariqa davlatning turli baholash indekslaridagi reytingi ko‘tarilishiga xizmat qiladi.

Top