16:55 / 06.02.2021
2153
Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi vakolatlari kengaytirildi

«Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan bir qator o‘zgarishlar natijasida agentlik vakolatlari kengaytirildi.  

Shu yilning 22 yanvar kuni qabul qilingan qonun bilan Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligining vakolatlari yanada kengaytirildi.

Bu haqda agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Zokir Bozorov 6 fevral kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma'lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Zokir Bozorov

Ma'lum qilinishicha, qonun orqali quyidagi vakolatlar belgilangan:

  • umumiy qiymati bir million AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan davlat-xususiy sheriklik loyihalarining bitimlari va tender hujjatlari kelishib beriladi;
  • davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim muvaffaqiyatli rasmiylashtirilgani uchun agentlik faoliyatiga bir martalik to‘lovlar joriy etiladi;
  • davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish doirasida loyihalashtirish ishlarini bajarish va xizmatlar ko‘rsatish maqsadida xalqaro moliya institutlari, xalqaro va mahalliy konsalting hamda loyihalashtirish tashkilotlari bilan konsalting va auditorlik xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risida muzokaralar olib borish hamda ular bilan o‘rnatilgan tartibda shartnomalar tuzishga ruxsat beriladi.

«Bu orqali davlat xususiy-sheriklik loyihalarini kengaytirish va jadallashtirish, ularga amaliy yordam berish maqsadida agentlik tomonidan loyihalarning moliyaviy modellarini ishlab chiqish uchun konsultantlarni jalb qilish va ularni moliyalashtirish imkoniyati yaratildi», dedi agentlik rasmiysi.

Qayd etilishicha, ushbu qonunga asosan O‘zbekiston hududida xorijiy investorlar tomonidan davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari asosida ishlab chiqariladigan tovar, ish, xizmatlarning narxlari chet el valutalariga va shartli birliklarga bog‘lanishiga, loyihani amalga oshirishda kreditorlarning ishtiroki va ularning manfaatlari himoyasi, mahalliy ijro etuvchi organlar vakolatlari, xususiy sheriklar va kreditorlarga qo‘shimcha kafolatlar va qo‘llab-quvvatlash choralarini Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha yoki Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi bitim orqali rasmiylashtiriladi.

Shuningdek, qonun bilan davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash turlari bo‘yicha tuziladigan har bir bitim Moliya vazirligi tomonidan imzolanishi alohida belgilab qo‘yilgan.

Top