O‘zbekiston | 18:10 / 03.06.2019
5882
4 daqiqa o‘qiladi

«Oldingi qonun loyihasini Moskvadagi yuridik firma tayyorlab bergan edi». Davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha yangi qonun muhokama etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Qonunchilik palatasi va Davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish agentligi vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Suhbat mavzusi «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonun va uning ahamiyati masalasida bo‘ldi.

Yig‘ilishda Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi  raisi Ilhom Abdullayev, agentlik boshqarma boshlig‘i Shuhrat Jo‘rayev va deputat Shuhrat To‘xtaboyev jurnalistlarning savollariga javob berishdi.

Jurnalistlar tomonidan berilgan savollar asosan davlat-xususiy sherikligi tushunchasi, sohaga kiritilishi kutilayotgan investitsiyalar hamda davlat va xususiy sektor o‘rtasida xatarlar haqida bo‘ldi.

Oldin ham bir marta bunday qonun loyihasi qo‘yilgan va olib qo‘yilgan edi. Bu yangi qonunning oldingi qonun loyihasidan farqi qanday?

—Oldingi qonun loyihasi juda ham sayoz tuzilgan. O‘sha loyihani Moskvadagi yuridik firma qilib bergan. Agar biz o‘sha qonun loyihasi bilan borganimizda edi, parlamentda hali ham tasdiqdan o‘tmagan bo‘lar edi. Adliya vazirligi ko‘rishi bilanoq ayblar aytilgan o‘shanda. O‘sha loyihani biz qilmaganmiz. Bizning tashkilot tuzilishi bilan qonun loyihasini yaxshilab, puxta qilib tuzdik, deya tushuntirib o‘tdi Shuhrat Jo‘rayev.

Qonunga ko‘ra, 10 million dollardan oshiq bo‘lgan loyihalar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi belgilangan. Shu miqdor kelajakda ko‘tarilishi mumkinmi? Bunday tartib ortiqcha hujjatbozlikka sabab bo‘lmaydimi?

—Aynan 10 million dollardan yuqori loyihalar hozirgi iqtisodiyotimizdan kelib chiqib belgilangan. Bu miqdordan past bo‘lgan, ya'ni 1 million dollardan 10 million dollargacha bo‘lgan loyihalar agentligimiz bilan birgalikda tayyorlanadi. Agar Vazirlar Mahkamasi tomonidan biror sabab bilan loyiha qaytarilsa, agentlik sifatida biz ham tashlab qo‘ymaymiz. Albatta, yordam beramiz. Bu tartibning yana bir jihati borki, masalan hokimliklarda yer masalasi taqalib qolgan bo‘lsa, o‘ziga yuklab qo‘ygan bo‘lsak sherigi ham o‘zi bo‘lib qolmaydimi? Mayda loyihalar agentlik tomonidan amalga oshirilaveradi, deydi agentlik vakili.

—Jahon tajribasida 50 million dollardan kam bo‘lgan loyihalar davlat-xususiy sherikligi sifatida talqin qilinmaydi. Hozirgi bu miqdor vaqtincha albatta bu sekin-sekin ko‘tarilib boradi, dedi qo‘mita raisi Ilhom Abdullayev.

Qonun qabul qilindi va yangi katta loyihalar amalga oshirilmoqda. Aeroportlar, yo‘llar qurilishi kabi ishlar qilinmoqda. Bu masalalarda parlament nazorat qilib boradimi?

—Qonunda nazorat qilish nazarda tutilgan. Buni biz alohida band bilan qo‘shib qo‘yganmiz. Qonun ijrosi monitoringi doimiy yuritilib boriladi. Qonunda bunga hech qanday to‘siqlarni men ko‘rmayapman, deya javob berdi qonunchilik palatasi deputati.

Баҳодир Аҳмедов
Tayyorlagan Баҳодир Аҳмедов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid