13:46 / 08.02.2021
2407
Turkiy Kengash delegatsiyasi O‘zbekistonga keldi

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bag‘dod Amreyyev boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy Kengash) bosh kotibi Bag‘dod Amreyyev boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi boshlandi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Ma'lumotlarga ko‘ra, tashrif doirasida Turkiy Kengash bosh kotibining Oliy Majlis Senati raisi, Tashqi ishlar vazirligi, Qishloq ho‘jaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Futbol assotsiatsiyasi kabi idora hamda tashkilotlarning rahbarlari bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tishi nazarda tutilgan.

Uchrashuvlar davomida Turkiy Kengash doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlik istiqbollari va umumiy manfaatga ega boshqa dolzarb masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda.

Avvalroq, O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi kotibiyatining moliyaviy qoidalari to‘g‘risidagi bitimga qo‘shilgani ma'lum qilingandi.

Ma'lumot uchun, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi 2009 yil 3 oktyabrda Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya o‘rtasida imzolangan Naxichevan bitimi bilan tuzilgan xalqaro hukumatlararo tashkilot hisoblanadi. Tashkilotning asosiy maqsadi qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi ishonch va aloqalarni mustahkamlash, savdo, iqtisodiyot, transport, energetika, turizm va madaniy-ma'rifiy sohada hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash sa'y-harakatlarini muvofiqlashtirishdan iborat.

O‘zbekiston 2019 yil sentyabrda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qilgan.

Top